Prokuratura IIBBdan oʻligi chiqqan shaxs boʻyicha bayonot eʼlon qildi
IIBB esa marhum kutilmaganda hushini yoʻqotib vafot etganini iddao qilmoqda.

Bosh prokuratura IIBB binosida toʻsatdan vafot etgan shaxs yuzasidan bayonot berdi.
Toshkent shahar IIBB tezkor xodimlari tomonidan 2023 yilning 12 avgust kuni tezkor-qidiruv tadbiri doirasida bosqinchilik va boshqa jinoyatlar uchun gumonlanib olib kelingan fuqaro D.U. shu kuni IIBB maʼmuriy binosida vafot etgan.
D.U.ning oʻlimi sababini aniqlash yuzasidan sud-tibbiyot ekspertizasi tayinlangan.
D.U.ning vafoti yuzasidan bir qator tergov harakatlari oʻtkazish zarurati tugʻilganligi sababli, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 206 (Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) va 235 (Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllash) moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi, deyiladi mahkama xabarida.
Hozirda Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq IIBB mazkur holat yuzasidan tushuntirish bergandi. Unga koʻra, "u oʻzini yomon his qilayotganligini aytib, toʻsatdan yiqilib hushini yoʻqotgan va tez yordam xizmati yetib kelgunga qadar vafot etgan". Birlamchi tashxisga koʻra gumonlanuvchining oʻlimi “Jigar sirrozi ogʻir stadiyasi, oʻtkir yurak qon-tomir yetishmovchiligi” oqibatida yuzaga kelgan.