platina.uz
Jamiyat

Jaziramada muzdek suv ichishning katta zarari ochiqlandi

Ayniqsa, sovuq suv yogʻli taomlar bilan birga ichilganda yogʻning organizmga soʻrilishi qiyinlashadi.

Jaziramada muzdek suv ichishning katta zarari ochiqlandi

Issiq kunlarda muuzdek suv ichib, chanqoqni qondirish toʻgʻrimi? Shifokor Hilola Jamilovaga koʻra, bunda organizmga katta yuk tushadi.

— Koʻpchilikning fikricha, issiq havoda muzdek suv ichish chanqoqni qondirib, organizmni tez sovutadi. Biroq bu notoʻgʻri, — deydi mutaxassis. — Chunki jazirama payti tana oʻzini tabiiy sovutishi natijasida koʻp terlaydi.

Sovuq suv ichganda esa organizm uni isitishga majbur boʻlib, ikki hissa koʻp energiya sarflaydi. Oqibatda tana sovish oʻrniga yanada qiziydi. Bu esa organizm uchun stressdir.

Qolaversa, jazirama kunlari muzdek suv ichish koʻplab kasalliklarga sabab boʻlishi mumkin. Birinchi galda sovuq ichimlik ovqat hazm qilish tizimiga salbiy taʼsir etadi.

Maʼlum boʻlishicha, past haroratli suv isteʼmol qilish qon tomirlarini toraytirib, spazm hosil qiladi va organizmda ovqatning qayta ishlash jarayonlarini sekinlashtiradi.

Ayniqsa, sovuq suv yogʻli taomlar bilan birga ichilganda yogʻning organizmga soʻrilishi qiyinlashadi. Bu esa salomatlik uchun anchagina xavfli.

Shuningdek, past haroratli ichimlik tanada ovqat hazm qilish uchun zarur boʻlgan fermentlar ishlab chiqarilishini bloklab, immunitetni pasaytiradi. Bundan tashqari, shamollash, angina va burun-xalqum yoʻlining boshqa kasalliklariga sabab boʻlishi mumkin.

Aksincha, jazirama havoda iliq yoki xona haroratida boʻlgan suyuqlik ichish tavsiya qilinadi. Xususan, 36-37 darajali oddiy suv organizmda metobolizm va ichak faoliyatini yaxshilab, qondagi xolesterin miqdorini pasaytiradi hamda tanadan toksinlarni haydaydi.

Qolaversa, bunday ichimlik chanqoqni tez qondirib, tanadagi termoregulyatsiyani ragʻbatlantiradi. Natijada issiq havoda organizm tezroq soviydi.

Shu bilan birga, iliq suv tanadagi suv-tuz balansini meʼyorlashtiradi.

Buning uchun kuniga oʻrtacha 2-3 litr iliq suyuqlik (koʻk choy, gazsiz mineral suv) ichish tavsiya etiladi.

Shifokorning aytishicha, chanqoq payti yashil yoki oʻsimlik choylari (romashka, yalpiz va boshqalar), qoragʻat, olcha, olxoʻri kabi nordon mevalardan tayyorlangan sharbatlar, ayron, kefir ichish juda foydali. Sababi, ular orqali organizmga mineral moddalar va vitaminlar kirib boradi.

Avvalroq onkologik kasalliklarga sabab boʻlishi mumkin boʻlgan mahsulotlar maʼlum qilingandi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid