Navoiyda byudjetdan milliardlar ajratildi
"Fuqarolar jamgʻarmasi" esa 4 mlrd. soʻm pul oladi.

Navoiyda "Prezident farmonlari va hukumat qarorlarini bajarish, infratuzilma obʼektlarini qurish va aholi turmush darajasini oshirish maqsadida" mahalliy byudjetdan 51,4 mlrd. soʻm mablagʻ ajratiladi. Bu haqda Xalq deputatlari Navoiy viloyati kengashi qarorida gap boradi.
Jumladan, mablagʻlar viloyat hokimligi, uy-joy kommunal xoʻjaligi boshqarmasi, kasaba uyushmalari, "Yagona buyurtmachi" DUK va boshqa tashkilotlarga yoʻnaltiriladi.
Masalan viloyat hokimligiga maʼmuriy binodan foydalanish, saqlash va kommunal toʻlov xarajatlari uchun 1,5 mlrd. soʻm beriladi. "Yoshlar daftari" jamgʻarmasiga 4 mlrd. soʻm, "Ayollar daftari"ga 2 mlrd. soʻm, "Sahovat va koʻmak" jamgʻarmasiga 2 mlrd. soʻm taqdim etiladi.
"Fuqarolar jamgʻarmasi" esa 4 mlrd. soʻm pul oladi.
Karmana tumanidagi Madaniyat binosini rekonstruksiya qilish uchun 1 mlrd. soʻm berilishi koʻzda tutilgan. Vertolyot qoʻnish maydonchasi uchun 500 mln. soʻm beriladi.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq Toshkent viloyatida turli xarajatlar uchun 7 mlrd. soʻm berilishi maʼlum boʻlgandi.