Attraksiondan yiqilganlar oʻrta ogʻir ahvolda
Attraksion nazoratchisi fuqarolarning xavfsizlik kamari taqilganini tekshirmasdan, attraksionni harakatga keltirgan.

Toshkentdagi "Anhor-Lokomotiv" bogʻida attraksiondan yiqilgan 2 fuqaro holati oʻrta ogʻir darajada, deb xabar bermoqda Sogʻliqni saqlash vazirligi.
Avvalroq, yaʼni 12 iyun kuni “Tegirmon” nomli attraksionga uchish uchun chiqqan 24 yoshli erkak va 29 yoshli ayol 7-8 metr balandlikdan yiqilib, tan jarohati olishgan edi.
Bosh prokuraturaga koʻra, tekshirish davomida attraksion nazoratchisi fuqarolarning xavfsizlik kamari taqilganini tekshirmasdan, attraksionni harakatga keltirgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 257-moddasi (Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.