Hindiston farmatsevtika sanoatiga nisbatan siyosatini qayta koʻrib chiqmoqchi
Hindiston hukumati mamlakatda ishlab chiqarilgan va yoʻtalga qarshi dori sifatida qoʻllanilgan siroplar xorijda bolalar oʻlimiga sabab boʻlgani bois, farmatsevtika sanoatiga nisbatan siyosatini qayta koʻrib chiqadi, deyiladi bosh vazir Narendra Modi devonxonasi eʼlon qilgan hujjatda. Unda aytilishicha, sohada “muhim jihatlar nazardan qochirilgan”.

Hindiston janubidagi Haydarobod shahrida bolalarni oʻldirgan yoʻtalga qarshi siroplar eksporti bilan bogʻliq muammoga yechim topish uchun “aqliy hujum” uyushtirildi, deya maʼlum qilingan mazkur hujjatda.
Mazkur sohaga aloqador manbaning fikricha, hukumat siyosatining oʻzgarishi dunyoda eng yirik patentlashmagan dorilarni ishlab chiqaruvchi va 41 milliard dollar hajmidagi hind farmatsevtika sanoati ustidan nazoratni kuchaytirishni anglatilishi mumkin.
Manbaning aytishicha, koʻrib chiqilayotgan chora-tadbirlardan biri - yoʻtalga qarshi siroplarni sinovdan oʻtkazish va umuman dorilar xomashyosiga talablar kuchaytirilishi boʻladi.
Hindiston doir vositalarining standartlari ustidan nazorat qiluvchi markaziy idorasi (CDSCO) yoʻtalga qarshi siroplarni eksportga joʻnatishdan avval davlat laboratoriyalarida sinab koʻrishni taklif etmoqda.
Oʻtgan yili Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti Hindistonda ishlab chiqarilgan yoʻtalga qarshi siroplarda ikki mashhur toksin - dietilenglikol va etilenglikol xavfli daraja boʻlgani va Gambiyada kamida 70 bolaning oʻlimiga sabab boʻlganini aniqlagan edi. Hindiston bu siroplar va bolalar oʻlimi holatlari oʻrtasida bogʻliqlik borligini tan olmagan.
JSS tashkilotining bayonot berishicha, u hamon eksport zanjiridagi aybdorni qidirmoqda, biroq bu izlanishlar hali natija bergani yoʻq, deya xabar bergan Reuters.
JSSning aniqlashicha, Hindistonning uchinchi farmatsevtika kompaniyasi sifati buzilgan dori vositalarini Marshall orollari va Mikroneziyaga ham sotgan.
Shuncha mojarolarga qaramasdan, hamon Hindiston tomoni bu dori vositalari bolalar oʻlimiga olib kelganini tan olmagan, uz soʻrash yoki tovon puli toʻlashni ham oʻziga munosib koʻrmagan.
Eslatib oʻtamiz, Hindistonda ishlab chiqarilgan bu siroplar Oʻzbekistonda ham 20ga yaqin bolaning oʻlimiga sabab boʻlgan va Hindistonda bu holat yuzasidan tekshiruvlar boshlangan edi.
Natijada farmatsevtika kompaniyalaridan birining 3 nafar xodimi qamoqqa olingan.
Oʻzbekistonda esa bunday siroplarning barchasi, xususan, “Dok1-Maks” va “Ambronol” siroplari va tabletkalari sotuvdan olingan, bu dori vositalarining yurtimizdagi savdosi 2022 yil 22 dekabrdan vaqtincha toʻxtatilib, ularni Oʻzbekistonga olib kelib, realizatsiya qilinishida asosiy rolni oʻynagan “Quramax Medical” MChJ faoliyati huquq-tartibot idoralari tomonidan tekshirilgan edi.
Shu bilan birga, , Hindistonning Uttar Pradesh shtati narkologiya va litsenziyalash departamenti mazkur siropalarni ishlab chiqargan Marion Biotech kompaniyasining litsenziyasini bekor qilgan.