Bugun Toshkent zilzilasiga 57 yil boʻldi

1966 yil 26 aprel. Soat 5 dan 22 daqiqa 52 soniya oʻtganda Toshkentda kuchli zilzila sodir boʻlgan. Maʼlumotlarda qurbonlar va kattagina talafotlarga sabab boʻlgan ushbu zilzila 8 ball qilib koʻrsatilgan.
Bugun 57 yil toʻladigan poytaxtda kuzatilgan kuchli zilzilaning asl haqiqatlarini bilish uchun Toshkent shahar markaziy davlat arxivida saqlanayotgan maʼlumotlar va arxivshunos fikrlari asosida tarixga qaytishga qaror qildik.
Mushtariy ERMATOVA, Toshkent shahar markaziy davlat arxivi yetakchi xodimi:
– Umuman olganda Toshkent shahrida soʻnggi 150 yil davomida 10 ga yaqin yirik zilzilalar sodir boʻlgan. Bu zilzilalar orasida 1966 yil 26 apreldagi tonggi soat 5:22 da roʻy bergan 8 ballik zilzila ham mavjud. Tabiiyki, u poytaxtga jiddiy zarar yetkazgan. Mazkur zilzilaning asosiy oʻchoqlari Toshkentning Qashqar mahallasi va Labzak boʻlgan.
Mana shu zilziladan soʻng, Toshkent va unga tutash hududlarning yer qimirlash xavfini aniqlashga doir ishlarni olib borish uchun “Toshkent” seysmologiya stansiyasi bazasida Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Seysmologiya instituti tashkil etilgan.
Toshkent shahar markaziy davlat arxivining 10-fondida saqlanayotgan maʼlumotlarda qayd etilishicha, 1966 yildan keyin poytaxtda yer osti silkinishlari bir necha yil davom etgan. 1969 yilgacha seysmologlar 1100 takroriy silkinishlarni qayd etishgan. Eng kuchlillari 1966 yilning may, iyun oylarida hamda 1967 yilning mart oylarida kuzatilgan.
Manbalarda qayd etilishicha, 57 yil avval poytaxtimizda kuzatilgan zilzila shaharga katta talafot yetkazgan. Ayniqsa shahar markazi qattiq shikastlangan. Shahar bosh rejasiga tuzatishlar kiritilishi ham zilziladan keyingi qurilish ishlarining kuchayishi bilan bogʻliq boʻlgan.
1970 yilda tasdiqlangan shaharni qayta qurish Bosh rejasiga koʻra, shahar hududini 25 ming gektargacha kengaytirish, aholi soni 1,5 mln ga koʻpayishi nazarda tutilgan.
Raqamlarga murojaat qiladigan boʻlsak, zilzilaga qadar Toshkent shahrida 183 ming 775 ta uy joy binolari mavjud boʻlgan boʻlsa, zilziladan keyingi (1966 yilning 15 may) holatiga koʻra, ulardan 62 ming 994 tasi jiddiy zarar koʻrgan.
Zilzila oqibatida Toshkentda istiqomat qilayotgan 1,5 mln aholidan 300 ming kishi yoki 78 ming oila boshpanasiz qolgan. Qurbonlar boʻlgan.
Agar mazkur koʻrsatkichni tumanlar kesimida koʻradigan boʻlsak, Toshkent shahrining Kirov (hozirgi Yunusobod) va Oktabr (hozirgi Shayxontohur) tumanlarida jiddiy zarar yetganining guvohi boʻlishimiz mumkin. Bundan tashqari binolar ichida nafaqat turar joy binolari, balki turli xildagi binolar: maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari, oliy oʻquv yurtlari, taʼlim muassasalari ham zarar koʻrgan.
MAʼLUMOT UChUN: jadvalda zilziladan zararlangan Toshkent shahridagi uy-joylar keltirilgan*
Rayonlar |
Zilziladan oldingi mavjud uy joylar |
Uy joylarga yetkazilgan zarar darajasi |
Jami zararlangan uylar |
|
Avariya holatidagi |
Kapital taʼmirtalab |
|||
Kirov rayoni |
24561 |
14406 |
4240 |
18646 |
Oktabr rayoni |
55023 |
8844 |
7659 |
16503 |
Kuybishev rayoni |
33400 |
4640 |
6570 |
11216 |
Lenin rayoni |
31652 |
6404 |
4156 |
10560 |
Chilonzor rayoni |
21545 |
1655 |
2087 |
3742 |
Frunze rayoni |
17594 |
1124 |
1203 |
2327 |
Shaharda jami: |
183775 |
37073 |
25921 |
62994 |
Aynan mazkur tabiiy ofatdan soʻng Toshkent shahrida qayta qurilish ishlari boshlandi. Moskva, Leningrad va boshqa Sovet Ittifoqi davlatlaridan yordam berish maqsadida meʼmorlar va quruvchilar kela boshlashdi. Ular yordamida poytaxtda toʻrt, besh, yetti va toʻqqiz qavatli binolar qurila boshladi.
Bundan tashqari 2 qavatli bloklashtirilgan uylar ham qurilgan. Bunday binolarning qurilishida M.Vladimirova, B.Zinger, V. Korobov va boshqa meʼmorlarning xizmatlari katta boʻlgan.
Qurilishlardan soʻng Toshkent shahrida qator kengaytirishlar amalga oshirilgan. Toshkent viloyatiga qarashli boʻlgan Kalinin (hozirgi Zangiota) va Qibray tumanlarining bir qismi poytaxtga qoʻshib olingan. Zilziladan keyin Yunusobod, Qoraqamish yangi turar joy rayonlari qurilishi bilan bir qatorda Oʻzbek milliy akademik drama teatri, Toshkent metropoliteni (1973 yil qurilishi boshlanib, 1977 yil 6 noyabrda ishga tushirilgan), Xadra maydonida sirk binosi (1975 yil), Xalqlar doʻstligi saroyi (1981 yil) va boshqalar qurilgan.
Arxivdagi Mehnatkashlar deputatining Toshkent shahar Soveti ijroiya komitetining 1966 yil 4 maydagi 207 sonli “Zilziladan jabrlangan oilalar farzandlarining yozgi taʼtilini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, Madaniyat va istirohat bogʻlari hududida “Telman” va “1 may” yozgi kinoteatrlarda filmlarning namoyishi toʻxtatilib, ushbu parklarda zilziladan jabr koʻrgan oilalar farzandlari uchun bolalar oromgogʻlari tashkil etilgan (1966 yil, 27 may, 243-sonli qaror).
Ammo mazkur hodisa tahlillari zilzila kuchi bu koʻrsatkichdan yuqori boʻlganiga shubha qoldirmaydi. Ushbu zilzila oqibatlari ustida oʻrganish olib borgan mutaxassislar, tadqiqotchilar fikricha, oʻsha paytda zilzila kuchini pasaytirib koʻrsatish zarurat edi. Sababi...
Dildora HASANOVA, jurnalist, manbashunos:
– Oʻsha paytda aynan Toshkent hududi uchun qoʻsh sinch uylar qurilgan. Shuning uchun uylar tubdan yakson boʻlib ketmagan, garchi zilzila koʻrsatkichi 8 ballni tashkil etgan boʻlsa ham. Aslida 9 ballgacha ham koʻtarilgan. Bu haqida koʻrsatuv ham tayyorlaganman. Shu koʻrsatuvda Sovet Ittifoqi davrida zilzila balini kamaytirib koʻrsatish tabiiy ofatdan yuzaga kelgan talafotlarga mablagʻni kam ajratish uchun bahona boʻlgan, degan maʼlumotga ega boʻlgan edim. Lekin akademiklar haqiqatda 8 balldan yuqori balli zilzila sodir boʻlganini isbotlashgan.
Odinaxon DEHQONOVA
*Fotosuratlar va maʼlumotlar Toshkent shahar markaziy davlat arxividan olindi