Sobiq hokim 200 ming dollar pora olayotganda qoʻlga tushdi
DXX xodimlari tomonidan tezkor tadbir oʻtkazildi.

Samarqand viloyati, Oqdaryo tumanining sobiq hokimi tadbirkordan 200 ming AQSh dollari olayotganda qoʻlga olindi.
Muqaddam Samarqand viloyatining Oqdaryo tumani hokimi lavozimida ishlagan shaxs va ichki ishlar organlarining sobiq xodimi hamda maklerlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi fuqaro oʻzaro til biriktirib, aldov yoʻli bilan tadbirkorning ishonchiga kirishgan.
Xususan, Toshkent viloyatining Quyichirchiq tumani “Surum” MFY hududidan tikuvchilik fabrikasi tashkil etish uchun boshqa bir fuqaroga tegishli masʼuliyati cheklangan jamiyatga berilgan 11,1 gektar yer maydonini yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali uning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 6 mln. AQSh dollari talab qilishgan.
DXX xodimlari tomonidan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda, mazkur 3 nafar shaxs Toshkent shahridagi kafelardan birida soʻralgan pul mablagʻidan 200 ming AQSh dollarini oldindan olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Eslatib oʻtamiz, bir kun avval Buxoroda “Oʻzenergoinspeksiya” mansabdori tadbirkordan 100 ming dollar talab qilib, shundan 50 mingini olayotganda ushlangandi.