Rossiya Ukrainaga qarshi misli koʻrilmagan raketa hujumi uyushtirdi
Natijada oʻnlab kishilar qurbon boʻldi.

Bugun, 29 dekabr kuni Rossiya Ukrainaning koʻplab hududlariga raketa yogʻdirdi. Maʼlumotlarga koʻra, jami 100 dan oshiq katta-kichik raketalar mamlakat hududiga otilgan.
Ukraina Milliy politsiyasining xabar berishicha, mahalliy vaqt bilan soat 13:00 da yirik raketa otishmalari natijasida 18 nafar tinch aholi halok boʻlgani maʼlum boʻlgan. Yana 132 kishi jarohatlangan.
Avvalroq mamlakat bosh prokurori Andrey Kostin kamida 16 kishi halok boʻlgani va 97 kishi yaralanganini maʼlum qilgan. Yaradorlar orasida kamida 6 va 8 yoshli ikki bola bor, deya qoʻshimcha qildi u. Uning soʻzlariga koʻra, qidiruv ishlari davom etmoqda.
Asosiy zarbalar poytaxt Kiyev, Odessa, Dnepr, Zaporoje, Lvov kabi shaharlarga berilgan.
Viloyat maʼmuriyatlarining maʼlumotlariga koʻra, oʻlganlarning umumiy soni allaqachon 20 dan ortiq. Masalan, Dneprda halok boʻlganlar soni olti kishiga yetdi, dedi Dnepropetrovsk viloyati maʼmuriyati rahbari Sergey Lisak.
Ukraina qurolli kuchlari bosh qoʻmondoni Valeriy Zalujniyga koʻra, Rossiya 158 dan oshiq raketani ishga solgan.
Rossiya tomoni esa har doimgidek harbiy infrastrukturaga zarba berilayotganini iddao qilmoqda.
Avvalroq Rossiya urush boshidan beri Ukrainaga qancha raketa uchirgani maʼlum qilingan edi.