Rus elchisi Prilepin gaplarini provokatsion deb atadi
U bugun Oʻzbekiston tashqi ishlar vazirligiga taklif etilgan.

Rossiyaning Oʻzbekistondagi elchisi Oleg Malginov rus ommaviy axborot vositalarida keng tarqalgan bayonot ataylab provokatsion ruhdaligi, ikki xalq oʻrtasida oʻrnatilgan tarixiy doʻstona munosabatlarga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkinligini bildirdi.
U bugun Oʻzbekiston tashqi ishlar vazirligiga taklif etildi. Uchrashuvda Rossiya vakiliga "Spravedlivaya Rossiya – za pravdu" partiyasi hamraisi Zaxar Prilepinning Oʻzbekiston hududini Rossiyaga qoʻshib olish zarurligi haqidagi taklifi chuqur tashvish hissi bilan qabul qilingani qatʼiy yetkazildi.
"Rossiya Federatsiyasi kabi doʻst mamlakat partiya rahbarlarining bunday oʻylamay bildirayotgan munosabatlari, afsuski, Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi oʻrtasidagi har tomonlama strategik sheriklik va ittifoqchilik ruhiga mos kelmasligi maʼlum qilindi", deyiladi TIV xabarida.
Aytilishicha, Malginov toʻliq masʼuliyat bilan Z.Prilepinning bayonotlari Rossiya rahbariyatining doʻst va mustaqil Oʻzbekiston haqidagi rasmiy pozitsiyasiga umuman aloqasi yoʻqligini taʼkidlagan.
Elchi Rossiya tashqi ishlar vazirligi yaqin vaqt ichida ushbu hodisa boʻyicha izoh berishni rejalashtirayotganini bildirgan.
Mavzuga doir: Itlar orasidan oʻtayotgan karvon