HAMAS Isroilning sulh taklifiga rad javobi berdi
HAMASning siyosiy qanoti rahbari Ismoil Haniya Misrga borgan.

Isroil HAMAS harakatiga oʻt ochishni toʻxtatish evaziga garovdagi qolgan ayollar va bolalarni ozod qilishni taklif qildi. HAMAS bu taklifni rad etdi va avval sulh oʻrnatishni, keyin esa garovga olinganlarni qaytarish jarayonini muhokama qilishni talab qilgan.
Isroil garovga olingan 40 kishini ozod qilish evaziga urushni bir haftaga toʻxtatishni taklif etgan, deb yozadi The Wall Street Journal Misr rasmiylaridagi manbalariga asoslanib.
HAMAS qoʻmondonligi sulh bitimi kuchga kirgunga qadar isroillik garovga olinganlarni qaytarish masalasini muhokama qilishdan bosh tortmoqda. Guruh pozitsiyasini HAMASning siyosiy qanoti rahbari Ismoil Haniya Misr razvedkasi bilan suhbatda taqdim etdi. U Qohiraga oʻt ochishni toʻxtatish boʻyicha muzokaralar olib borish va Gʻazo sektoriga gumanitar yordam yetkazib berishni koʻpaytirish uchun kelganini aytgan.
Isroilning taklifi 40 kishini, shu jumladan qolgan barcha ayollar va bolalarni, shuningdek, shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj qariyalarni ozod qilish edi. Buning evaziga Isroil yer va havo operatsiyalarini yetti kunga toʻxtatib, Gʻazoga gumanitar yordam yetkazilishiga ruxsat berishga tayyorligini aytgan.
Gʻazo sektorida garovga olingan 108 kishi, jumladan, 19 ayol va ikki bola, deb hisoblaydi Isroil rasmiylari.
Eslatib oʻtamiz, tomonlar oʻrtasidagi soʻnggi sulh 24 noyabr ertalabdan 1 dekabr tongiga qadar davom etgan. Natijada yuzdan ortiq isroillik Isroil qamoqxonalaridagi 200 ga yaqin falastinlik mahbuslarga almashtirildi. Bular asosan ayollar va bolalar edi.