Qishloq xoʻjaligi vazirligi mansabdori qamoqqa olindi

Unga nisbatan qamoqqa olish chorasini koʻrish haqida bosh prokuror oʻrinbosari iltimosnoma kiritgan.

Jamiyat
19-dekabr 2023 yil
Qishloq xoʻjaligi vazirligi mansabdori qamoqqa olindi

Qishloq xoʻjaligi vazirligi boʻlim boshligʻi oʻrinbosari bir qator jinoyatlarda gumonlanib, qamoqqa olindi. Platina.uz saytida sud ajrimi keltirilgan hujjat nusxasi bor.

Ajrimga koʻra, u Jinoyat kodeksining 167-moddasi (oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish) 3-qismi a bandi va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 2-qismi a bandi bilan gumon qilinyapti.

Unga nisbatan qamoqqa olish chorasini koʻrish haqida bosh prokuror oʻrinbosari iltimosnoma kiritgan.

Dastlabki tergov aniqlagan holatlarga koʻra, gumondor oʻzganing juda koʻp miqdordagi mulkini talon-toroj qilib, mansab soxtakorligiga yoʻl qoʻygan. U 2022-2023 yillar davomida 220 ta xoʻjalik yurituvchi subʼektlarga berilgan 98,5 mlrd. soʻmlik urugʻlik va mineral oʻgʻitlar boʻyicha hosil boʻlgan asosiy qarz 92,6 mlrd. soʻmlik mablagʻlarni qaytarmasdan, aksincha Qishloq xoʻjaligida xizmatlar koʻrsatish agentligi sobiq rahbari va bir necha shaxslar bilan oʻzaro jinoiy til biriktirgan.

Ular 2022 yil may-iyun oylari davomida haqiqatda 1 kg. uchun bozordagi oʻrtacha narxi 6,2 ming soʻm boʻlgan kungaboqar urugʻining har bir kilogrammini 59,5 ming soʻmdan jami 2 mlrd. 677 mln. soʻm, boshqa shartnoma bilan esa har bir kilogrammini 51,7 ming soʻmdan jami 1 mlrd. 190 mln. soʻmga umumiy 65 tonna kungaboqar urugʻini sotib olib, davlatning shuncha miqdordagi mablagʻlarini rastrata qilish yoʻli bilan talon-toroj qilgan.

Shuningdek, Qishloq xoʻjaligida xizmatlar koʻrsatish agentligi sobiq rahbari va boshqalar bilan jinoiy til biriktirib, byudjet mablagʻlari hisobiga xarid qilingan jami 13,6 mlrd. soʻmlik urugʻ, mineral oʻgʻit va yoqilgʻi moylash mahsulotlarini “Surxon flowers” MChJga yetkazib berib, yetkazib berilgan maxsulotlardan 3.3 mlrd. soʻmini sotib yuborib, goʻyoki ushbu mahsulotlar anomal sovuq oqibatida nobud boʻlganligi haqida soxta dalolatnoma rasmiylashtirgan.

Bundan tashqari, yana shu shaxslar byudjet mablagʻlari hisobiga xarid qilingan jami 6,8 mlrd. soʻmlik urugʻ, mineral oʻgʻit va yoqilgʻi moylash mahsulotlarini yetkazib berib, yetkazib berilgan 6,8 mlrd. soʻmlik maxsulotlarni sotib yuborib, goʻyoki ushbu mahsulotlar anomal sovuq oqibatida nobud boʻlganligi haqida soxta dalolatnoma rasmiylashtirgan.

Eslatib oʻtamiz, avvalroq sobiq qishloq xoʻjaligi vaziri Aziz Voitov ham bir qator jinoyatlarda gumonlanib, qamoqqa olingan edi.

telegram
telegram

Telegramda kuzatib boring!

Platina
© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+