Qizil, qora va yashil “zona”lar. 1-maqola

Jazoni ijro etish muassasalarining mahbuslar nazaridagi tasnifi

Tahlil
16-dekabr 2023 yil
Qizil, qora va yashil “zona”lar. 1-maqola

2023 yil dekabr oyida Oʻzbekistonda uyushgan jinoyatchilik vakillari, zoʻravonlarga qarshi huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan “Dolzarb 40 kunlik” tadbirlari oʻtkazilgani bois xalqda jinoyatchilik olami va ularning vakillariga nisbatan qiziqish uygʻotdi. Mana shu qiziqishni qondirish maqsadida “Nur borki, soya bor” rukni ostida turkum maqolalar berib borishga qaror qildik.

Bugun jazoni ijro etish joylarining tasnifi va tavsifi haqida gaplashamiz. Bu turkumdagi boshqa maqolalarni quyidagi havolalar orqali oʻqishingiz mumkin:

“Qonundagi oʻgʻrilar”: xalq orasida ideallashib ketgan jinoyatchilar


Ijtimoiy tartib-qonunlarni buzgan, oʻzgalarning haq-huquqlari va mol-mulkiga tajovuz qilgan inson tarbiyalash, qolaversa, boshqalarga ham ibrat boʻlishi uchun jazoga tortiladi. Odamzot tarixida bunday jazolar koʻp boʻlgan: moddiy jarima, majburiy ijtimoiy foydali mehnat, ayrim huquqlardan mahrum etish, ozodlikdan mahrum etish va oʻlim jazosi shular jumlasidandir. Jarimalarga “chidash” mumkin, oʻlim jazosi esa koʻpchilik demokratik davlatlarda bekor qilingan yoki unga moratoriy eʼlon qilingan. Ozodlikdan mahrum etish, yaʼni qamoq jazosi esa hamon sotsiumdagi deyarli har bir odam psixikasi uchun qizil chiziq, yashirin fobiya hisoblanadi.

Hozirgi shakldagi ilk qamoqxonalar 1553 yilda Angliyada, 1595 yilda Hollandiyada paydo boʻlgan. Sanoat rivojlanib kelayotgan bu davlatlarda mahbuslarga tekin ishchi kuchi sifatida qaralgan.

Londondagi Vormvud-Skrabs qamoqxonasi mahbuslari maydonni tozalash-supurish ishlarida. 1900-yillar. (Photo by: English Heritage / Global Look)

Oʻzbekistonda esa penitensiar tizim sobiq SSSR davridan meros boʻlgan shakl va turlarini deyarli saqlab qolgan. Faqat 2019 yil 28 avgustdagi 558-sonli qonunga muvofiq, Jinoyat-ijroiya kodeksiga ayrim oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilgan. Jumladan, mazkur kodeksning 45-moddasi(Jazoni ijro etish muassasalarining turlari)ga koʻra, jazoni ijro etish muassasalari jumlasiga quyidagilar kiradi:

  • jazoni ijro etish koloniyalari, shu jumladan davolash huquqi asosidagi koloniyalar;
  • tarbiya koloniyalari;
  • turmalar;
  • mahkumlar uchun ixtisoslashgan kasalxonalar.

Bungacha esa jazoni ijro etish muassasalariga quyidagilar kirgan:

  • jazoni ijro etish koloniyalari;
  • tarbiya koloniyalari;
  • turmalar.

Lekin mahbuslar orasida deyarli bir asr davomida shakllangan va ogʻzaki (yozilmagan) urf-odatlar va tushunchalarga koʻra, ozodlikdan mahrum etish jazosi ijro etiladigan muassasalar boshqacha tasniflanadi.

Mahbuslar va jinoyatchilik olami tushunchalariga koʻra, JIEM asosan ikki turli – “qizil” va “qora” zonalar boʻladi.

“Qizil zona” deb atalishiga bir necha sabablar bor. Buning tarixi oʻtgan asrning 20-30-yillariga borib taqaladi. Hamma davrlarda jinoyatchilik olami huquq-tartibot idoralarining oʻz asosiy vakillari boʻlsa-da, Rossiyada inqilob roʻy berib, kommunist bolsheviklar hokimiyatni qoʻlga olishgach, jinoyatchilar kommunistlarni oʻzlariga dushman hisoblashgan. Ayniqsa, ularning din va eski urf-odatlarga qarshi kurashidan jinoyatchilar ham norozi boʻlishgan.

Inqilob roʻy bergach, imperatordan tortib, uning oilasi va barcha amaldorlar ham otib oʻldirildi yoki qamoqqa tashlandi. Politsiya oʻrniga ishchilar militsiyasi, yaʼni qurolli guruhlar tashkil etildi. Eski va tajribali kadrlar yoʻq qilingani bois, yangi xodimlarning jinoyatchilikka qarshi kurashi oʻta samarasiz edi. Natijada ochlik, qashshoqlik va siyosiy-ijtimoiy tartibsizliklar fonida jinoyatchilik avj ola boshladi.

Quroli bor odamga adolatdan gapirish foydasiz.

Buning ustiga, ishchi militsiya oʻsha davrdagi sobiq imperiya tarafdorlari va kontrrevolyutsionerlarni asosiy raqiblari sifatida koʻrgan va ularga qarshi kurash ustuvor vazifa hisoblangan. Yangi tuzilgan VChK (Vserossiyskaya chrezvыchaynaya komissiya po borbe s kontrrevolyutsiyey i sabotajem – Kontrrevolyutsiyaga va sabotajga va qarshi Butunrossiya favqulodda komissiyasi) eski dunyo tarafdorlari bilan kurashga asosiy urgʻu berdi. VChK xodimlari, yaʼni ChKchilar (“chekistlar”) jinoyatchi guruhlarga qarshi kurashdan vaqtincha chalgʻib qolishdi. Hatto jinoyat olamining26 yoshli “qiroli” Yakov Koshelkov bundan foydalanib, Moskva koʻchalari boʻylab avtomobilda ketayotgan inqilob dohiysi Vladimir Leninning yoʻlini toʻsib, uning avtomobilini oʻgʻirlab ketishga ham jurʼat qildi.

Vladimir Lenin foydalangan Delaunay-Belleville rusumli avtomobil.

Natijada “chekist”lar jinoyatchilik olamiga qarshi haqiqiy front ochishdi. Tunu kun reydlar oʻtkazilib, koʻplab jinoyatchilar qamoqqa olindi. Qarshilik koʻrsatganlari esa hodisa joyida shafqatsizlarcha otib tashlandi. 1919 yil 21 iyunda Yakov Koshelkov ham otib oʻldirildi.

Bunday kurash oqibatida jinoyatchilar kommunistlarni battar yomon koʻrib qolishdi. Ayniqsa, kommunistlarning bayrogʻi va timsollari qizil rangda boʻlgani bois, tabiiyki, qizil rang ham manfur atributlar sirasiga kirdi. “Qonundagi oʻgʻrilar”ning davlat bergan qurol bilan harbiy xizmat qilmaslik, davlat xizmatida ishlamaslik kabi qonunlari oʻsha paytda paydo boʻlgan.

Alal-oqibat, jinoyatchilarga yot barcha narsalar qizil soʻzi bilan atala boshlandi. Tabiiyki, faqat qamoqxona maʼmuriyatining tartib-qoidalari ustuvor boʻlgan zonalarni “qizil zona” deb atash urf boʻldi. Qamoqxona maʼmuriyati bilan hamkorlik qiluvchilar – seksiyaga aʼzo mahbuslar – brigadir, “zavxoz” (xoʻjalik ishlari boʻyicha maʼmur), navbatchilar va boshqalar ham “qizillar” deb nomlandi. Qolaversa, ularning oʻzlariga qizil tasma taqib qoʻyilgan edi.

“Qizil-aktivist”.

Qizil rangdan jirkanish shu darajada ediki, hatto ayrim JIEMlarda voyaga yetmagan va bolalar koloniyalarida qizil kiyim kiyish nomaqbul ish hisoblanardi. Hatto yosh mahbuslar qisqa muddatli uchrashuvga qizil koʻylakda kelgan onasi oldiga chiqmaydi.

Bir qarashda “qizil zonalarda” qamoqxona maʼmuriyati oʻrnatgan tartib hukmron boʻladi, deyish mantiqqa ziddek tuyuladi. Qamoqxona boʻlganidan keyin nozirlar boshqaradi-da! Lekin gap shundaki, qizil zonalarning aksi boʻlgan qora zonalarda jinoyatchilik olamining yetakchilari (paxan) hamda uning shotirlari – “smotryashiy” va “polojenets”lar, “blatnoy” va “jigan”lar zonada maʼmuriyat bilan parallel tartib oʻrnatadi. Bu nozirlarga ham maʼqul. Chunki mahbuslar olomonini boshqarish osonlashadi. Shuningdek, paxanlar nozirlarning barcha tashmachilik va oʻgʻirliklariga koʻz yumishadi, nozirlar esa jinoyatchilarning qamoqxonaga turli taqiqlangan buyumlar – araq, telefon va boshqalarni olib kirishlarini koʻrib, koʻrmaganga olishadi.

Qizil zonada nozirlardan tashqari mahbuslardan tayinlangan “qizil-aktivist”larga (suratda oʻng chekkada) ham katta vakolatlar beriladi.

Albatta, qizil zonalarning darvozasiga “qizil zona” deb yozilgan lavha osib qoʻyilmagan. Bu holatda mahbus qizil zonaga tushib qolganini qayerdan biladi?

Mahbuslar bosqichma-bosqich yurib, nihoyat muqim manzilga yetib tushganida 2 haftalik karantinga joylashtiriladi. Shu yerda qizil yoki qora zonaning ilk belgilari kuzatiladi. Agar bu yer“qora zona” boʻlsa, nozirlar bilan birga, karantindagilar oldiga blatnoylar kirishadi. Har bir mahbusga yoki hamma uchun bitta xaltada sigaret va ovqatlar kiritishadi. Bu albatta jinoyatchilar ulush toʻlaydigan jamgʻarma “obshak” hisobidan tashkil etiladi. Yangi kelgan mahbuslarga, ayniqsa, birinchi marta qamalgan mahbuslarga oʻgʻri “ponyatka”lari beriladi. Qanday “toʻgʻri” gapirish, nimalar mumkinu, nimalar mumkin emasligi “oʻrgatiladi”.

Rossiyadagi mahbuslarning ijtimoiy tarmoqlarda yozishicha, qizil zonalarda yangi kelgan mahbuslar oldiga nozirlardan tashqari “qizil bogʻichlilar” – aktivistlar kirishadi. Ular qamoqxona tartibini tushuntirishadi. Oʻzlariga yoqamaganlarni kaltaklashadi. Qimmatli buyumlarni tortib olishlari ham mumkin. Qizil zonalarda qonun ustuvor deyilsa-da, aslida nozirlar va ular bergan arzimas vakolatdan havolangan “qizil aktivist”larning oʻzboshimchaligi va qonunsizligi hukmron boʻladi. Agar biror sadist – boshqalarni qiynashdan rohatlanadigan nozir yoki aktivistga hokimiyat tegib qolsa, mahbuslarni hech bir sababsiz kaltaklash va haqoratlash holatlari odatga aylanadi.

Kezi kelganda aytish kerak, mahbuslar bu aktivist – faollarni “kozyol”, yaʼni echki deb atashadi. (Ayrim qamoqxonalarda aktivistlarni “sherstyaniy”, yaʼni junli deyishadi. Shu bois hatto “toʻgʻri” mahbuslar jun kiyimni oʻz nomi bilan atashmaydi.) Ularni echki deyishlariga sabab, ayrim izohlarga qaraganda, qoʻylarni soʻyish uchun kushxonaga olib bormoqchi boʻlsangiz, ular qon hidi yoki qandaydir sezgi tufayli sarkashlik qilishar ekan. Biroq oʻrgatilgan echki boʻlsa, qoʻrqmasdan kushxonaga kiradi va ortidan qoʻylar toʻdasini ham ergashtirib boradi. Chunki qoʻylar echkiga ishonadi, “bu oʻzimizdan-ku, bizni yomon yoʻlga boshlamas”, deb “oʻylasa” ham ehtimol. Echki nargi eshikdan sogʻ-omon chiqib ketadi. Qoʻylar boʻgʻziga esa pichoq tortiladi.

Qora zonalarda garchi oʻgʻrilar tartib oʻrnatgan boʻlsa-da, “ponyatiya” va oʻgʻri qonunlariga zid ishlarga yoʻl qoʻyilmaydi. Boshqa mahbusni nohaq urgan va haqorat qilgan mahbuslardan albatta “soʻrab olinadi”. Shu bois, mahbuslarning oʻzaro janjal va pichoqbozliklarining oldi olinadi.

Qora zonalarda mahbuslar nozirlar va aktivistlar bilan, shuningdek, eng haqir kastalar – “chushka”, “opushenniy”, “obijenniy”, “pomoyshik” va “chert”lar bilan ham qoʻl berib soʻrashilmaydi. Hozir mahbuslar orasida musulmonlarga taqlid qilib, “salam” deb salomlashish urf boʻlmoqda.

Qora zonalarda “hayot” nisbatan erkin.

Qizil zonalarda oʻgʻri tushunchalari va qonun-qoidalariga qarshi har xil uslublarda urush olib boriladi. Ularni “sindirish”ga, aktivist boʻlishga, mehnat qilishga majburlashadi. Oʻgʻri “qonun”lari boʻyicha blatnoylar uchun mehnat qilish nomaqbul ish. Ular ish qilmasdan, ShIZO – jarima izolyatorida oʻtirishga ham rozi boʻladi. Biroq ularni oʻlasi qilib kaltaklashadi, sharoiti ogʻir jazo kameralari – karserlarga tashlashadi. Yoki jazo muddatiga muddat qoʻshib berishadi, amnistiya va muddatidan ilgari shartli ozod qilishdan mahrum qilishadi. Doʻst-qarindosh va oilasi bilan uchrashish huquqlari buziladi.

Karser – sharoiti ogʻir maxsus jazo kamerasi.

Oxirgi 20 yil ichida Rossiya qamoqxonalarida boshqa rangdagi “yashil zona”lar ham paydo boʻlayotgani aytiladi. Yaʼni bu yerda musulmonlar koʻpchilik boʻladi, tartib musulmonlar hayoti va ibodati uchun biroz moslashtiriladi. Bu fenomen oxirgi paytlarda Rossiyaning musulmon fuqarolari bilan birga, musulmon migrant mahbuslarning koʻpaygani bilan bogʻliq.

Maʼlumki, oʻtgan asrning 90-yillarida Chechenistondagi mustaqillik uchun urush natijasida paydo boʻlgan qurollangan jinoyatchi va jangarilar Rossiyadagi “biznes”larni birin-ketin qoʻlga ola boshladi.

Ular hech qanday oʻgʻri tushunchalarini tan olmasdi. Garchi oʻgʻri va qotil boʻlsa ham, oʻzaro munozara yoki hal qiluvchi uchrashuvlar – “razborka”larda shariat qoidalari boʻyicha gaplashar edi. Bunday “razborka”larda slavyan “oʻgʻri”larning qandaydir “oʻgʻri ponyatka”lari, qistirma gap va soʻz oʻyinlariga qarab oʻtirishmasdi. Gapini oʻtkaza olsa yaxshi, agar aytganiga koʻndira olmasa, oʻsha yerning oʻzida “vorzakonlar”ni itdek otib tashlardi. (Shu bois chechenlardan deyarli “vorzakon”lar chiqmagan. Oʻgʻri degan nom bilan faxrlanish musulmonchilikka toʻgʻri kelmaydi, deyishgan.) Bu fenomen haqida keyingi maqolalarda alohida soʻz yuritiladi.

Bu kabi hodisalar, shuningdek, Kavkaz hamda Markaziy Osiyodan kelgan migrant mahbuslar hisobiga Rossiya qamoqxonalarida ularning soni koʻpaymoqda. Shuning uchun qamoqxona nozirlari xalqaro konvensiya va umuman Rossiya qonunchiligiga boʻysunishga majbur boʻlib, ular uchun ibodat xonalari ochib berishmoqda.

Rossiyaning Boshqirdiston poytaxti Ufa shahridagi 9-qattiq tartibdagi axloq tuzatish koloniyasida mahbuslarning mablagʻi va mehnati bilan qurilgan kichik namozxona. Bu yerda ruslar ham islom dinini qabul qilishmoqda.

Bu ibodat xonalari “jamoatlar” deb nomlanadi. Bu namozxonalar koʻplab nomusulmon mahbuslarning islom dinini qabul qilishiga sabab boʻlyapti hatto. Ayrimlar bu hayotning maʼno va mazmunini, oʻz hayotidan maqsadlarini oʻylab, falsafiy-ruhiy izlanishlardan soʻng islom diniga oʻtishadi. Ayrimlar esa oʻz ijtimoiy ahvolini yaxshilash uchun islomni qabul qilishadi.

Gap shundaki, oʻgʻri tushunchalari boʻyicha mahbuslar “mast” – darajalarga ajratiladi. Eng past va haqir va manfur qatlam – “opushenniy” va “obijenniy”lar hech qachon bu tamgʻadan qutula olishmaydi. Ular eng jirkanch ishlar – hojatxona va axlat oʻralarini tozalash, boshqa “blatnoy”larning jinsiy ehtiyojlarini qondirishga majbur qilinadi. Ular bilan gaplashish va salomlashish, ulardan keyin chekish, ovqat yeyish va choʻmilish va hattoki qoʻl tekkizish ham “zapadlo” (nomaqbul). Ular tinimsiz xoʻrlanib, kaltaklanadi. (Bu kasta – mastlar va ularning paydo boʻlishi va vaziyati haqida keyingi maqolalarda oʻqishingiz mumkin). Hatto qamoqxona ichidagi mini cherkovlarda ham bu past tabaqa alohida ibodat qiladi. Ular tekkan ikonalarga boshqalar aslo qoʻl tekkizmaydi.

Biroq islom qoidalari boʻyicha, islom diniga oʻtgan odamning shu paytgacha boʻlgan barcha gunohlari kechiriladi. Islomda barcha musulmon oʻzaro birodar va teng hisoblanadi. Natijada eng past kastaga mansub, boshqa millat va dindagi mahbuslarning bu tamgʻa va tavqi laʼnatdan qutulish imkoniyati paydo boʻldi. Shu bois past kasta vakillari ommaviy ravishda islomni qabul qilib, jangari musulmonlar – chechen, dogʻistonlik, oʻzbek va boshqa millatga mansub jinoiy avtoritetlarning himoyasiga oʻta boshladi.

“Yashil zonalar” asta-sekinlik bilan koʻpaya boshlagan bir sharoitda, Belorussiya va boshqa postsovet respublikalarida “qora zona”lar deyarli yoʻqolib bormoqda. Ular mahbuslarning tili bilan aytganda, “qizil zonalarga” aylanib ketyapti. Biroq oʻgʻrilarning qonun va “ponyatkalari” bor ekan, “vor v zakone”lar hayot ekan, “qora zona”larning yana paydo boʻlmasligiga kafolat yoʻq.

Keyingi maqolamizda jinoyatchilik olamidagi darajalar – mast va kastalar haqida soʻz boradi.

Abulfayz Sayidasqarov tayyorladi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+