platina.uz
Jamiyat

2023 yilda eng yomon ishlagan vazir — Amrillo Inoyatov

Norasida bolalar hayotiga daxl qilgan ikki fojianing oʻzi sogʻliqni saqlash vazirini 2023 yilda eng yomon ishlagan vazir deb topishimizga asos boʻla oladi.

2023 yilda eng yomon ishlagan vazir — Amrillo Inoyatov

Oʻtib borayotgan 2023 yil boʻyicha Platina.uz talqinida turli nominatsiyalarni eʼlon qilib boramiz. Birinchisi eng yomon ishlagan vazir nominatsiyasi boʻldi.

Ushbu nominatsiyada Sogʻliqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov "yetakchilik" qilmoqda. Sogʻliqni saqlash tizimidagi muammolar, korrupsiya va odamlar oʻlimiga nisbatan befarqlik kechirib boʻlmas darajaga yetdi.

Inoyatov 2022 yil oxirida mazkur lavozimga tayinlangan. Oʻshanda maʼmuriy islohotlar bahonasi bilan sobiq vazir Behzod Musayev Dok-1 maks ishidan qutulib qolgan va barcha aybu masʼuliyat yangi tayinlangan vazir zimmasiga oʻtgan edi. Ammo oʻsha paytda Inoyatov birinchi oʻrinbosar edi.


Mavzuga doir: “Tizimda juda katta korrupsion sxema avj olib ketgan”


Avvaliga 20 ta bola ekani aytilgan, keyinchalik sudda 65 ta bola qurbon boʻlgani oshkoralangan Dok-1 maks ishida asosiy aybdor vazir oʻrinbosari Elmira Bositxonova ekani haqida koʻp yozildi, ammo vazirlik shu paytgacha bunga izoh bermadi. Soʻng yoddan ommaviy zaharlanish yuz berdi, bunda ham aynan Bositxonova javobgar edi.

Yoddan zaharlanish holati boʻyicha haligacha aniq xulosalar aytilmadi, ekspertiza natijalari oshkor etilmadi. Prokuratura ham jimib ketdi. Bolalari zaharlangan odamlarning oʻy-xayollari "qonundagi oʻgʻri"lar bilan chalgʻitilmoqda.

Sogʻliqni saqlash tizimida bir yil ichida shunday yirik zaharlanishlar kuzatilishining oʻzi fojia hisoblanadi. Sobiq vazir Musayev uzr soʻrab qutulgan boʻlsa, amaldagisi Inoyatov bu holatlar boshqa takrorlanmasligi uchun harakat qilishlarini aytgan. Aybdorlarga chora koʻrish ishlari boshlanganini bildirgan, lekin haligacha chora koʻrilmagan.

Norasida bolalar hayotiga daxl qilgan mana shu ikki fojianing oʻzi sogʻliqni saqlash vazirini 2023 yilda eng yomon ishlagan vazir deb topishimizga asos boʻla oladi. U haligacha amalda, ona va bola boʻyicha javobgar oʻrinbosari Bositxonova ham amalda oʻtiribdi. Demak, tizimdagi muammolar hal etilmagan, hal qilish uchun oldinga qadam ham tashlanmayapti.

Kanalimiz oʻquvchilari orasida oʻtkazilgan "2023 yilda eng yaxshi ishlagan vazir qaysi?" soʻrovnomasida sogʻliqni saqlash vaziri 21 ta vazir ichidan 322 ta ovoz bilan 13-oʻrinni egallagandi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid