Rossiya gazi zaxira uchun olib qoʻyilyapti — vazirlik
Platina.uz soʻroviga nisbatan Energetika vazirligi matbuot xizmati Rossiya gazi boʻyicha izoh berib oʻtdi.

Energetika vazirligi matbuot xizmatining Platina.uz saytiga maʼlum qilishicha, Rossiyadan olib kelinayotgan gaz zaxira uchun moʻljallangan va eng kerakli paytda foydalaniladi.
"Bu gaz ortiqcha ehtiyojni qoplash uchun olib kelinyapti. Juda qattiq sovuq paytida gaz bosimi tushib ketganda issiqlik elektr stansiyalari va issiqlik markazlarini qoʻllab-quvvatlash uchun sarflanadi. Ayni paytda bu gaz zaxira uchun olib qoʻyilyapti", dedi Hasan Toshxoʻjayev.
Uning aytishicha, bu yil qishda aholini tabiiy gaz va issiqlik bilan taʼminlashda qiyinchilik boʻlmaydi. Oʻtgan yilgidek anomal sovuq boʻlsa ham, tizim energetik kollapsga tushib qolmaydi.
Eslatib oʻtamiz, 2023 yil 7 oktabrdan Rossiyadan Oʻzbekistonga Qozogʻiston orqali gaz eksporti boshlangandi.
Iyun oyida Sankt-Peterburg Xalqaro iqtisodiy forumida Rossiya gazini Oʻzbekistonga yetkazib berish boʻyicha shartnoma imzolangandi.
Oʻzbekiston har yili Rossiyadan tijoriy shartnoma asosida 2,8 milliard kub metr gaz sotib olishi belgilangan.
