Sirdaryo hokimi "Sardoba" suv ombori sabab katta mablagʻ ajratdi
Mablagʻ viloyat maxsus hisobraqamiga kelib tushgan homiylik pullaridan beriladi.
Sirdaryo viloyati hokimining farmoyishi bilan "Sardoba" suv ombori sabab 2 mlrd. 242 mln. soʻm mablagʻ ajratildi.
Unga koʻra, mazkur pullar suv omborida yuzaga kelgan favqulodda holat oqibatlarini tezkor bartaraf etish maqsadida jalb qilingan texnika va transport vositalariga yoqilgʻi-moylash materiallarini quyish bilan bogʻliq kreditorlik qarzdorliklarini qoplash uchun berilmoqda.
Jumladan Oqoltin tuman hokimligiga 1,5 mlrd. soʻm, Sardoba tumani hokimligiga 742 mln. soʻm beriladi.
Mablagʻ suv ombori talofatlarini bartaraf etish uchun ochilgan viloyat maxsus hisobraqamidan oʻtkazib beriladi. Taʼkidlash kerakki, ajratilayotgan mablagʻlar ushbu hisobraqamga tushgan homiylik mablagʻlaridan berilishi nazarda tutilgan.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq Toshkent shahar hokimi Shavkat Umrzoqov gul koʻchatlarini ekish uchun katta mablagʻ ajratgandi.