Rus gazi qayerda? Zapravkalar yopilishi gaz pastligi bilan izohlandi

2023 yil 7 oktabrdan Rossiyadan Oʻzbekistonga Qozogʻiston orqali gaz eksporti boshlangandi. 

Jamiyat
8-dekabr 2023 yil
Rus gazi qayerda? Zapravkalar yopilishi gaz pastligi bilan izohlandi

Rossiyadan katta miqdorda gaz eksport qilinayotgani aytilganiga qaramay, Oʻzbekistonda metan zapravkalari ish vaqti cheklana boshladi. “Hududgaztaʼminot” AJga koʻra, bu aholi talabi ortishi va gaz bosimi pasayishi bilan bogʻliq. 

 "Energetika vazirligi hamda “Hududgaztaʼminot” AJ shuni maʼlum qiladiki, mamlakatimizda havo haroratining sovib borishi tufayli aholi orasida tabiiy gazga talab birmuncha oshdi. Bu esa, oʻz navbatida, aholi isteʼmolining koʻpayishiga, pirovardida, gaz bosimining sezilarli pasayishiga olib keldi.

Qolaversa, 7 – 16-dekabr kunlari oraligʻida kutilayotgan (8 dekabrda 0 daraja, 12-dekabrda -16 daraja) sovuq ob-havo sharoitida ham gaz bosimining pasayishi kutilyapti. Shundan kelib chiqib, aholini tabiiy gaz bilan uzluksiz taʼminlash maqsadida metan zapravkalari ishlash vaqtini cheklash choralari koʻrilmoqda. Rejaga muvofiq, metan zapravkalari soat 6:00 dan soat 15:00 ga qadar ishlaydi.

Mazkur vaqtinchalik cheklov aholi isteʼmolchilari hamda ijtimoiy obʼektlarni tabiiy gaz bilan bir maromda taʼminlash maqsadida ayni paytgacha respublikamizning barcha hududida kiritildi", deyiladi tashkilot xabarida.

Eslatib oʻtamiz, 2023 yil 7 oktabrdan Rossiyadan Oʻzbekistonga Qozogʻiston orqali gaz eksporti boshlangandi.

Iyun oyida Sankt-Peterburg Xalqaro iqtisodiy forumida Rossiya gazini Oʻzbekistonga yetkazib berish boʻyicha shartnoma imzolangandi. 

Oʻzbekiston har yili Rossiyadan tijoriy shartnoma asosida 2,8 milliard kub metr gaz sotib olishi belgilangan. 

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+