Toshkent hokimi koʻchat ekishga katta pul ajratdi
Shuningdek, poytaxt tumanlariga 2 mlrd. 730 mln. soʻm mablagʻ boʻlib beriladi.
Toshkent shahar hokimi Shavkat Umrzoqovning qarori bilan koʻchat ekishga katta pul ajratildi.
"Toshkent shahar mahalliy byudjetining 2023 yilda shakllangan qoʻshimcha mablagʻlari hisobidan mavsumiy gullarni ekish xarajatlari uchun hamda tuman Obodonlashtirish boshqarmalariga gul koʻchatlarini ekish xarajatlari uchun pul beriladi" deyiladi qarorda.
Ajratilayotgan jami mablagʻ miqdori 5,0 mlrd. soʻmni tashkil etadi.
Jumladan, Irrigatsiya xoʻjaligi va koʻkalamzorlashtirish obʼektlarini taʼmirlash ixtisoslashtirilgan boshqarmasiga 1,4 mlrd. soʻm, Markaziy maydonlarni obodonlashtirish ixtisoslashtirilgan boshqarmasiga 550 million soʻm beriladi. Bundan tashqari poytaxtning 12 tumaniga 2 mlrd. 730 mln. soʻm mablagʻ boʻlib beriladi.
Eslatib oʻtamiz, bir necha kun avval Shavkat Umrzoqovning qarori bilan mahalliy byudjetdan Obodonlashtirish bosh boshqarmasi tizimidagi ixtisoslashtirilgan boshqarmalarga 3 mlrd. 152 mln. soʻm mablagʻ ajratilgandi.