Toshkentda 8-sinf oʻquvchisi toʻsatdan vafot etdi
Oʻquvchini tok urgani boʻyicha maʼlumot tasdiqlanmagan.
Ijtimoiy tarmoq sahifalarida Toshkent shahridagi maktabda 8-sinf oʻquvchisi ochiq qolgan elektr tokiga tegib ketish natijasida vafot etgani mazmundagi video xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Toshkent shahar MMTB Matbuot xizmati rasmiy maʼlumot berdi.
Qayd etilishicha, 27 noyabr kuni taxminan soat 18:15 da Mirzo Ulugʻbek tumanidagi 99-sonli umumtaʼlim maktabi 8-“I” sinf oʻquvchisi A.A. maktab hovlisidagi sport maydonidan chiqib ketayotganida tobi qochgan va hushidan ketgan.
Shu vaqtni oʻzida maktab qorovuli tomonidan tez tibbiy yordamga qoʻngʻiroq qilingan. Tez yordam mashinasida Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markaziga olib ketilgan. Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazi shifokorlari tomonidan yordam koʻrsatilganligiga A.A. qaramay oʻziga kelmagan va vafot etgan.
Oʻquvchini tok urmagan va mazkur hududda hech qanday elektr toki kabeli uzilgan holat kuzatilmagan. Maktab stadioni va uning atrofida elektr energiya uzatgichlari borligi aniqlanmadi, deyiladi xabarda.
Hozirda huquq-tartibot idoralari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Eslatib oʻtamiz, oktabr oyida Toshkentning Yunusobod tumanida maktab oʻquvchisi dars vaqtida vafot etgandi.