Meksika orqali AQShga borayotganlar mamlakatga kiritilmaydi

AQShga noqonuniy kirayotgan Oʻzbekiston fuqarolari AQShga qoʻyib yuborilmaydi, buning oʻrniga ular bilan bogʻliq immigratsiya ishi hal qilingunga qadar hibsda saqlanadi.

Jamiyat
20-noyabr 2023 yil
Meksika orqali AQShga borayotganlar mamlakatga kiritilmaydi

Endilikda Meksika orqali AQShga bormoqchi boʻlgan oʻzbekistonliklar mamlakatga qoʻyib yuborilmay, qamoqqa olinadi. 

"AQSh Ichki xavfsizlik departamenti tomonidan Davlat departamentini xabardor qilindi, unga koʻra hozirdan boshlab AQSh-Meksika chegarasi orqali AQShga noqonuniy kirayotgan Oʻzbekiston fuqarolari AQShga qoʻyib yuborilmaydi, buning oʻrniga ular bilan bogʻliq immigratsiya ishi hal qilingunga qadar hibsda saqlanadi. AQSh Qoʻshma Shtatlarda qolish uchun qonuniy asosga ega boʻlmagan Oʻzbekiston fuqarolarini mamlakatdan chiqarib yuborish masalasi boʻyicha Oʻzbekiston hukumati bilan yaqindan hamkorlik qilmoqda. Mamlakatdan chiqarib yuborish tijorat aviakompaniyalari hamda AQSh Immigratsiya va bojxona nazorati bilan tuzilgan charter reyslari orqali amalga oshirilmoqda" deyiladi AQShning Toshkentdagi elchixonasi xabarida.

"AQSh-Meksika chegarasi orqali AQShga noqonuniy migratsiya xavfli va qimmatdir. Kontrabandachilarning yolgʻon vaʼdalariga uchmang. Amerika Qoʻshma Shtatlariga sayohat qilish uchun xavfsiz va qonuniy vositalardan foydalaning.

AQSh chegarasini noqonuniy kesib oʻtgan shaxslar bu mamlakatga kamida besh yil ichida qonuniy ravishda qayta kirishlari taqiqlanadi. Noqonuniy migratsiyaga yordam beradigan oila a’zolari ham viza olishdan butunlay mahrum etilishi mumkin.

Amerika Qoʻshma Shtatlari xavfsiz, tartibli va insonparvar migratsiya jarayonlarini rivojlantirish maqsadida chet ellik hamkorlar bilan faoliyat olib boradi hamda Qoʻshma Shtatlarda qolish uchun qonuniy asosga ega boʻlmagan barcha noqonuniy kiruvchilar va fuqaroligi boʻlmaganlarni immigratsiya qonunchiligi (Title 8) vakolati ostida tezda mamlakatdan chiqarib yuboradi" deya taʼkidlanadi elchixona bayonotida.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekistonda minglab dollarlar evaziga Meksika orqali AQShga oʻtkazishga vaʼda berish holatlari koʻp uchraydi. Shuningdek, FQB avgust oyida Meksika orqali mamlakatga kirgan bir necha oʻzbekistonlikni qidirayotgani maʼlum boʻlgandi. 

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+