Isroil HAMAS taklifiga rad javobi berdi
Gʻazodagi qurbonlar soni 12 ming kishiga yaqinlashmoqda.
Isroil HAMAS harakatining 50 nafar isroillik ayol va bolalarni ozod qilish evaziga bir necha kunlik sulh taklifini rad etdi. Rasmiy Tel-Aviv garovga olingan 70-80 kishini ozod qilishni nazarda tutsa, kelishuvni koʻrib chiqishga tayyor.
Isroil bu javobni rasmiy muzokaralarda vositachi boʻlgan Qatarga topshirgan.
Bu qaror Isroil harbiy vazirlar mahkamasining tungi majlisida qabul qilindi, deya aniqlik kiritdi Yediot Achronot nashri. Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyahu Isroil armiyasi bosh shtab rahbari Gerzi Halevi va xavfsizlik boshligʻi Ronen Bar tomonidan qoʻllab-quvvatlangan Mudofaa vaziri Yoav Galantning pozitsiyasiga rozi boʻlgan. Bu XAMASga harbiy bosimni kuchaytirishni nazarda tutadi.
Isroil asirga olingan oilalarni ajratmasligini taʼkidlab, Gʻazo sektorida garovga olingan barcha ayollar va bolalar birgalikda ozod etilishini talab qilmoqda. Tel-Aviv koʻproq mahbuslarni ozod qilish evaziga janglardan qoʻshimcha kunlar ajratishni koʻrib chiqishga tayyorligini bildirdi. Bundan tashqari, Isroil rasmiylari garovga olingan 70-80 kishining ozod etilishini koʻzda tutuvchi kelishuv hali ham muhokamaga ochiq ekanini aytdi.
HAMAS maʼlumotlariga koʻra, Gʻazodagi qurbonlar soni 12 ming kishiga yaqinlashdi, Isroil hujumlari esa toʻxtamayapti. Maʼlumotlarga koʻra, besh mingdan ziyod bola qurbon boʻlgan.
Avvalroq Fransiya prezidenti Emmanuel Makron mojaro yuzasidan keskin bayonot berib, Isroildan "bolalar va ayollarni oʻldirishni toʻxtatish"ni soʻragandi.