Tishsiz qolgan BMT va demokratiyaga zid veto huquqi

Falastinni koʻpchilik mamlakatlar mustaqil davlat sifatida tan olishgan boʻlsa-da, BMT Xavfsizlik kengashining veto huquqiga ega uchta aʼzosi – AQSh, Buyuk Britaniya va Fransiya tan olmadi.

Tahlil
17-noyabr 2023 yil
Tishsiz qolgan BMT va demokratiyaga zid veto huquqi

Insoniyat urushni istamaydi, ammo nizolarsiz va urushlarsiz hayotga erisha olmayapti. Buning uchun xalqlar oʻrtasida kelishuvlarga erishiladi, bitimlar tuziladi, “oʻyinbuzuqi”larni tiyib turish va jazolash choralari izlanadi. Biroq asosiy muammo – kim qozi boʻlishiyu, kim hukmni ijro etishi borasida ixtiloflar toʻxtamaydi.

Jumladan, birinchi jahon urushi 10 million odamning yostigʻini quritdi. 22 million kishi yaralanib, yana qanchalab odam nogironga aylandi. Mamlakatlar iqtisodiyoti izdan chiqdi. Insoniyat taraqqiyoti sekinlashib qoldi. Qanchalab taqdirlar xarob boʻldi.

1920 yilga kelib, bunday talafotlarga boshqa yoʻl qoʻymaslik, Yer yuzida totuv yashash uchun sharoit yaratish maqsadida Millatlar Ligasi tashkil etildi. Biroq zamonlar va siyosiy tuzumlar oʻzgarib, uning samaradorligi yoʻqoldi. Shunchaki balandparvoz, “nomi ulugʻ, suprasi quruq tashkilot”ga aylanib qoldi. Yana bir yetilib kelayotgan keng koʻlamli qurolli mojaroning oldini olishga qurbi yetmadi: ikkinchi jahon urushi boshlandi. U birinchi jahon urushidan koʻra koʻproq talafotga olib keldi. Bu keng koʻlamli urush yakunlanib, tinchlik oʻrnatilish arafasida insoniyat endi aslo bunday mojaroga yoʻl qoʻymaslikka yana qasd qilib, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tuzildi. U anchagina samarali faoliyat koʻrsatishi, taʼsir qilish dastaklariga egaligi eʼtirof etildi.

BMT tuzilgan 1945 yildan beri yana anchagina suv oqib oʻtdi. Yana zamon va tartib oʻzgardi. Yer sharining u yoki bu yerida qurolli toʻqnashuvlar yuz berib turishi toʻxtamadi. BMTning samaradorligi va odilligiga ilk shubha u tashkil etilganidan atigi 3 yil oʻtib boshlandi: 1948 yilda Isroil davlati tuzilganidan beri Yaqin Sharq toʻxtovsiz urushlar va doimiy siyosiy inqiroz oʻchogʻiga aylandi. Biroq BMT bu muammoni hal qila olmadi. Bundan keyin ham hal qila olishiga umid yoʻq.

Soʻnggi yillarda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashining tuzilishi haqidagi munozaralar avj oldi. Albatta, bu BMT Xavfsizlik Kengashining ikkinchi jahon urushidan keyin oʻsha davrdagi jahon tizimining tuzilishini hisobga olgan holda tuzilgani bilan bogʻliq. Shu sababli, BMT Xavfsizlik Kengashi yaqin oʻtmishda yuzaga kelgan koʻplab muammolarni hal qilish uchun yetarli boʻlmadi va muvaffaqiyatli tekshiruv oʻtkaza olmadi. Bunga Isroil-Falastin va Rossiya-Ukraina mojarolarini misol qilib koʻrsatish mumkin.

Nega BMT samarasiz boʻlib qoldi?

BMTga rasman bir necha davlat asos solgan boʻlsa-da, haqiqiy taʼsischilar ikkinchi jahon urushining gʻoliblari – AQSh, SSSR, Fransiya, Xitoy, Buyuk Britaniya edi. Faqatgina ular BMTning asosiy kuch organi – Xavfsizlik kengashining doimiy aʼzolari boʻlib olishdi. Ularning eng katta quroli – veto qoʻyish huquqi edi. Veto – sodda qilib tushuntirganda, butun dunyo bir ishni qilishga kelishsayu, shu doimiy aʼzodan birortasi rozi boʻlmasa, qarshilik qilib, uni yoʻqqa chiqarish huquqidir.

Masalan, BMT Bosh assambleyasining 1947 yil 29 noyabrdagi 181 (II) rezolyutsiyasiga koʻra, Usmoniylar imperiyasidan tortib olingan, Britaniya mandati ostiga oʻtgan Falastin yerlarida ikki mustaqil davlat –Falastin va Isroil davlati tashkil topishi kerak edi. Isroil davlati tuzilgan boʻlsa-da, Falastin davlati tuzilmay qoldi. Uni koʻpchilik mamlakatlar mustaqil davlat va xalqaro huquqning toʻlaqonli subʼekti sifatida tan olishgan boʻlsa-da, BMT Xavfsizlik kengashining veto huquqiga ega uchta aʼzosi – AQSh, Buyuk Britaniya va Fransiya tan olishmadi. Hatto AQSh uni BMTga qabul qilish loyihalariga bir necha bor veto qoʻydi. Tasavvur qiling, dunyodagi aksariyat davlatlar Falastin davlati tashkil etilishiga rozi boʻlsayu, 2-3 davlat bunga toʻsqinlik huquqiga ega boʻlsa! Aslini olganda demokratiyaning asosiy tamoyili – koʻpchilik fikri inobatga olinadi, degan mantiq hukmron boʻlishi kerak emasmi?! Bunday veto huquqi – demokratik tamoyillarga zid qoida ekaniyoq BMTning samarasiz va odillik yetishmaydigan xalqaro huquq oʻyinchisi ekanini oshkor qiladi.

Har qanday muammoni boshi berk koʻchaga kiritib qoʻyadigan veto huquqi yana bir yuridik kolliziyani inobatga olmaydi. Xoʻp, dunyoda adolat oʻrnatilishi uchun 5 ta doimiy aʼzo va yadroviy davlat sobit turishi shart deylik. Ammo shu aʼzolarning oʻzlari “oʻyin” qoidalarini buzishsa-chi? Unda qanday mexanizmlar ishga tushiriladi.

Uzoqqa bormasdan, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini misol sifatida olaylik. BMTning bu bosqinchilik harakatini qoralovchi rezolyutsiya loyihasi qabul qilinmadi. Boisi, agressor davlat – Rossiyaning oʻzi bu rezolyutsiya loyihasiga veto qoʻydi. Bu xuddi jinoyatchini jazolash uchun hukm chiqarilganida, shu jinoyatchining oʻzi hukmga veto qoʻyib, suvdan quruq chiqishi bilan barobar.

Shu oʻrinda yana bir misol. Avval xabar berganimizdek, BMT Bosh Assambleyasi Isroilning Falastin hududidagi aholi punktlarini egallab olishini noqonuniy deb eʼlon qilgan rezolyutsiyani qabul qildi, Oʻzbekiston hujjatni quvvatladi (gap Sharqiy Al-Quds va bosib olingan deb hisoblangan Golan tepaliklari haqida ketmoqda). Biroq, natijalarga qaramay, ovoz berish qonuniy kuchga ega boʻlmasligi muhim, chunki qarshi ovoz bergan AQSh veto huquqiga ega. Yana oʻsha veto muammosi gʻildirakka pona boʻlmoqda!

Foreign Policy jurnali muallifi Kolum Linch yozganidek, "Birlashgan Millatlar Tashkilotining besh doimiy aʼzosi, ayniqsa, Rossiyada, shuningdek, AQSh va Xitoyda veto huquqidan keng koʻlamli xalqaro qoʻllab-quvvatlangan tashabbuslarni blokirovka qilish uchun koʻpincha veto huquqidan foydalanganayotgani bois norozilik kuchaymoqda”.

Italiya, Argentina, Pokiston, Janubiy Koreya, Turkiya va boshqalarni oʻz ichiga olgan Konsensus uchun miting guruhi nomidan soʻzga chiqqan Italiyaning BMTdagi vakili Mauritsio Massari veto Xavfsizlik Kengashining qaror qabul qilish qobiliyatini falaj etishini aytgan. “Hech qanday shubha yoʻq: veto demokratiya, samaradorlik va davlatlar oʻrtasidagi suveren tenglik tamoyillariga ziddir. U maʼlum bir tarixiy kontekstda ishlab chiqilgan va bugungi kunda u ishonchli asosga ega emas ", deydi Massari. Taʼkidlash kerak, mazkur guruh veto huquqining bekor qilinishi tarafdori va Xavfsizlik Kengashining yangi doimiy aʼzolari paydo boʻlishiga qarshi chiqadi.

Toʻgʻri, BMT taʼsis hujjatlarida bunday yuridik kolliziya roʻy bergan holatda qanday yoʻl tutish kerakligi belgilab qoʻyilgan. BMT Nizomining 27(3)-moddasi nizo tomonlariga ularga bevosita taalluqli boʻlgan qarorlar boʻyicha ovoz berishni taqiqlaydi. Biroq, huquqshunoslarning taʼkidlashicha, oʻnlab yillar davomida bu qoida "nazariy jihatdan majburiy, ammo amalda ixtiyoriy edi". Bundan tashqari, u Nizomning 7-bobidagi rezolyutsiyalarga taalluqli emas. Bunday rezolyutsiyalar koʻpincha “majburlash boʻyicha zarur choralar koʻrish”ni nazarda tutadi.

Nega aynan 5 ta davlat?

BMTni isloh qilish masalasi bugun paydo boʻlib qolmagan. Hattoki BMT Xavfsizlik kengashining doimiy aʼzolari ham islohotlar zarurligini aytishadi. Lekin har bir davlatning bu boradagi qarashlari boshqalarnikidan farq qiladi.

Masalan, Oq uyning strategik kommunikatsiyalar boʻyicha koordinatori Jon Kirbi AQShning bu boradagi gʻoyalarini ifodalab, AQSh prezidenti Jo Bayden BMT Xavfsizlik kengashi arxitekturasiga oʻzgartirishlar kiritish masalasini koʻtarish niyatida ekanini aytgandi. Xususan, Baydenning fikricha, BMT Xavfsizlik kengashi “yanada inklyuziv hamda koʻproq aʼzolarni qamrab olishi lozim”. Biroq AQSh yangi qoʻshilgan aʼzolarga veto berish huquqini rad etadi.

Rossiya nima deyapti?

Yana bir doimiy aʼzo – Rossiya ham islohotlar tarafdori. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning bildirishicha, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi haqiqatan ham ushbu oʻta muhim xalqaro tashkilotning samaradorligini maksimal darajada oshirish uchun oʻzgarishlarga muhtoj. Bu, albatta, barcha ishtirokchilarning konsensusini va albatta, oxirgi vaqtlarda qoʻshimcha rolga ega boʻlgan va global xavfsizlik, global iqtisodiyotga koʻproq taʼsir koʻrsatayotgan hamda oʻzlarining mavjudliklarini tobora balandroq maʼlum qilayotgan davlatlar ishtiroki nuqtai nazaridan koʻproq inklyuzivlikni talab etadi. Biroq Peskovning eʼtirof etishicha, bu jarayon murakkab va ehtimol uzoq muzokaralarni talab qiladi, ammo "dialogni boshlash kerak”.

Qolganlar qanday fikrda?

BMTni isloh qilish borasida Turkiya ham qattiq jonbozlik koʻrsatmoqda. Chunki 1945 yildan beri dunyo oʻzgardi. Har jihatdan kuchli, xalqaro maydonda oʻz ovoziga ega davlatlar paydo boʻldi. Jumladan, Turkiya nafaqat mintaqa, balki xalqaro muammolarda ham oʻz soʻzini ayta olish darajasiga chiqdi. Turkiya tomoni “dunyo faqat 5 ta emas” deya Xavfsizlik kengashi aʼzolari sonini kengaytirishni taʼkidlasa-da, koʻproq inklyuzivlik tarafdori. Yaʼni bu masʼuliyatli va qudratli organda barcha qitʼa va din vakillari, jumladan, islom diniga eʼtiqod qiluvchi aholi koʻpchilikni tashkil etuvchi davlatlar ham oʻz tamsilini topishini istaydi. Masalan, Misr, Turkiya yoki Indoneziya shunday nomzodlardan biri boʻlishi mumkin. Qudrati oshib borayotgan va yadro quroliga ega Hindiston ham potensial nomzod sifatida koʻrilmoqda.

Yon qoʻshnimiz, iqtisodiy, siyosiy va joʻgʻrofiy jihatdan qudratli davlat Qozogʻiston ham islohotlar tarafdori. 2023 yil 8 iyun kuni Qozogʻiston prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev BMT Xavfsizlik Kengashi islohoti boʻyicha soʻnib borayotgan, ammo hali ham zarur boʻlgan munozaralarni kun tartibiga qoʻydi va BMT Xavfsizlik Kengashi islohoti zarurligini eslatdi. U BMT yagona nufuzli "global tashkilot" ekanligini taʼkidladi. Toʻqayev bu tuzilmani hamma kuchlar vakilligini taʼminlaydigan va ularning ovozi “balandroq eshitiladigan” tarzda isloh qilish zarurligini taʼkidladi.

Hamon birinchi qadam qoʻyilmadi

Garchi aksariyat davlatlar BMTni isloh qilish kerakligini taʼkidlashayotgan boʻlsa-da, biror amaliy qadam qoʻyilgani yoʻq. BMT Bosh assambleyasining yigʻilishlaridan birida bu masalani koʻtarish uchun islohotlar va BMTning yangi arxitekturasi boʻyicha biror real loyiha ham ishlab chiqilmagan hozircha. Biroq, muammoni eʼtirof etish va anglash – muammoni hal qilish yoʻlidagi birinchi qadam hisoblanishini inobatga olsak, yaqin yillarda bunday islohotlarga guvoh boʻlishimiz ehtimolga yaqin.

Oʻzbek siyosatchisi Hamdam Sodiqning fikriga koʻra, har bir yirik urushlardan keyin davlatlar yana bir yigʻilib, yangi universal va umumiy muloqot maydonchasini shakllantirishga uringan. Bu tizimga aylanib qolgan. Ayni damda Isroilning Gʻazo sektorida amalga oshirayotgan qirgʻinlari va bunga BMTning faqat “tashvish va xavotirlar” bilan cheklanayotgani, yana oʻsha doimiy aʼzolarning aksariyati Isroil tarafini olib, qon toʻkilishini toʻxtatishga qaratilgan rezolyutsiya loyihalariga veto qoʻyayotgani bunday zaruriyat uchun sharoit yaratishi mumkin.

Mulohazalarimizni Bangladeshning BMTdagi doimiy vakili Anvarul K.Choudxurining quyidagi soʻzlari bilan yakunlasak: “Doimiy besh aʼzoning Xavfsizlik Kengashidagi veto huquqi Birlashgan Millatlar Tashkilotining deyarli barcha global harakatlari muvaffaqiyatsizlikka uchrayotganining asosiy aybdoridir. BMTda tezkor islohotlar amalga oshirilmas ekan, veto huquqi BMTning tamal toshi emas, balki qabr toshiga aylanadi”.

Abulfayz Sayidasqarov tayyorladi.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+