Shavkat Mirziyoyev joʻgʻrofiy murakkab gaz konini borib koʻrdi
Ushbu loyihaning umumiy qiymati 2,9 mlrd. dollarni tashkil etadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida boʻlib, “Mustaqillikning 25 yilligi” gaz-kimyo majmuasi qurilishi bilan tanishdi.
Bu yerda gaz koni bir necha oʻn yillar oldin topilgan. Biroq geografiyasi murakkab boʻlgani, oʻsha paytda zamonaviy texnologiya va mablagʻ boʻlmagani uchun hech kim oʻzlashtirishga botinolmagan.
Davlat rahbari 2019 yil aprel oyida bu yerda boʻlib, dastlabki qidiruv va texnik-iqtisodiy asoslar bilan tanishgan edi. Oʻsha yilning dekabrida zavodni qurish ishlari boshlandi.
“Surhan Gas Chemical Operating Company” xorijiy korxonasi tomonidan amalga oshirilayotgan ushbu loyihaning qiymati 2,9 milliard dollar. Majmua yiliga 5 milliard metr kub gazni qazib chiqarish va qayta ishlash quvvatiga ega boʻladi.
Hozirgacha konni oʻzlashtirishga 1 milliard 450 million dollarlik investitsiya kiritilib, 20 ta quduqda burgʻilash ishlari yakunlangan. 11 ta gaz qudugʻi sinovdan muvaffaqiyatli oʻtgan. Poydevor ishlari va metall konstruksiyalar qurish qariyb yakunlanib qolgan.
Zavodning loyihalari va qurilishi “Shell” kompaniyasining litsenziyalangan texnologiyalari asosida olib borilmoqda. U eng ilgʻor ekologik talablarga mos boʻlib, ishlab chiqarishdagi zararli chiqindilarni 99 foiz zararsizlantirish imkoniyatiga ega. Bunday uskunalar MDH davlatlari ichida birinchi bor ushbu zavodga oʻrnatilmoqda.
Yana bir muhim jihati, zavod elektr energiyani ham oʻzi generatsiya qiladi, ham tuman aholisiga yetkazib beradi.
Davlatimiz rahbari shu yerda geologik qidiruv va seysmik tadqiqot ishlari yakunlari bilan tanishdi. Investorlar, konni oʻzlashtirishda qatnashayotgan mutaxassis va quruvchilar bilan suhbatlashdi.
– Asosiy maqsad gazni xomashyo holatida sotish emas, uni qayta ishlab, qoʻshimcha qiymatli mahsulotlar olish boʻlishi lozim. Investitsiya tez vaqtlarda oʻzini oqlab, zavod raqobatbardosh boʻlishi uchun oxirgi mahsulot sifatli va yuqori daromadli boʻlishiga erishish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bu boʻyicha qaror ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.
Majmua Boysun shahridan 20 kilometr uzoqda joylashgan. Ayni paytda uning qurilishida 7 mingdan ortiq kishi, maxsus texnikalar ishlamoqda. Loyihaning birinchi bosqichi kelgusi yil may oyida ishga tushiriladi, 2025 yilda toʻla quvvatga chiqadi.
Zavod yurtimizdagi sakkizinchi gaz-kimyo majmuasi, Surxondaryodagi eng yirik sanoat korxonalaridan biri boʻladi. Unda 1050 kishi yuqori daromadli ish bilan taʼminlanadi.
- Boysunliklar oʻz tumanida shunday ulkan zavod qurilgani, minglab yangi ish oʻrinlari paydo boʻlganini sezishi kerak. Endi bu majmua atrofida turdosh sohalarni rivojlantirish lozim, - dedi Prezident.
Shu yerda Boysun tumanidan topilgan yana bir kon - yonuvchan slanets konini oʻzlashtirish loyihasi taqdimot qilindi, deyiladi xabarda.
Avvalroq prezident Shavkat Mirziyoyev Hakim at-Termiziy maqbarasi ziyorat qilgandi.