HUMO kartalardan pul oʻgʻirlanganini rad etdi
HUMO toʻlov tizimi maʼmuriyati ushbu holatga izoh berdi.
HUMO toʻlov tizimi maʼmuriyati bank kartalaridan katta miqdorda pullar oʻgʻirlangani haqidagi xabarlarni rad etdi. Pul yoʻqolgan kartalar faqat HUMOga tegishli boʻlmagan.
"Bugun bir nechta ijtimoiy tarmoq sahifalarida, xususan, Telegram kanallarda goʻyoki xakerlar Oʻzbekiston banklariga hujum qilishgani va HUMO kartalaridan yirik miqdorda pul oʻgʻirlagani haqida xabarlar tarqalmoqda. Milliy banklararo protsessing markazi shuni maʼlum qiladiki, ushbu maʼlumotlar yolgʻon va haqiqatga toʻgʻri kelmaydi. HUMO toʻlov tizimi barcha xavfsizlik talablariga javob beradi va tizimga bevosita hech qanday kiberhujum sodir boʻlmagan", deyiladi xabarda.
Avvalroq 11 noyabrga oʻtar kechasi va erta tongda ayrim fuqarolarning bank kartalaridan katta miqdordagi pullar gʻoyib boʻlgani haqida xabarlar tarqalgandi.
Norasmiy maʼlumotlarga koʻra, bu holatda bank tizimi server darajasida buzilgan, buning natijasida firibgarlar mamlakat banklaridan birining ilovalaridan birida roʻyxatdan oʻtgan kartalarga hech qanday muammosiz kirish huquqiga ega boʻlishgan.