Eron prezidenti Isroil "qizil chiziq"dan oʻtganini aytdi
27 oktabr kuni Isroil kuchlari Gʻazo boʻylab shiddatli hujumlarni boshladi.

Eron prezidenti Ibrohim Raisiy Isroilning Gʻazodagi harakatlari “chora koʻrishga majburlashi mumkin boʻlgan qizil chiziqni kesib oʻtganini” aytdi.
“Vashington bizdan hech narsa qilmaslikni soʻraydi, lekin oʻzlari Isroilni faol qoʻllab-quvvatlashda davom etmoqda. AQSh “Qarshilik koʻrsatish oʻqi”ga signallar yubordi, ammo jang maydonida aniq javob oldi”, — deb yozdi u X ijtimoiy tarmogʻida.
"Qarshilik oʻqi"ga Yaqin Sharqda Eron tomonidan qoʻllab-quvvatlanadigan kuchlar, jumladan, HAMAS ham kiradi.
AQSh rasmiylari Eronni kengroq mintaqaviy mojaroning oldini olish maqsadida urushga aralashmaslik haqida ogohlantirmoqda.
Raisiy avvalroq Eron AQSh ogohlantirishlariga quloq solish niyati yoʻqligini aytgan.
Eslatib oʻtamiz, 27 oktabr kuni Isroil kuchlari Gʻazodagi hujumlarni keskin kuchaytirdi. Maʼlumotlarga koʻra, hududda halok boʻlganlar soni 8 ming nafardan oshib ketgan.
Gʻazo sektoridagi millionlab odamlar tashqi dunyodan uzilib qoldi.