Isroil hujumlari oqibatida qancha odam halok boʻlgani ochiqlandi
Kecha, 27 oktabr kuni Isroil kuchlari Gʻazo boʻylab shiddatli hujumlarni boshladi.

Gʻazo sektoridagi Falastin Sogʻliqni saqlash vazirligi maʼlumotlariga koʻra, Isroilning hujumlari sabab 7 oktabrdan beri 7703 kishi halok boʻldi. Halok boʻlganlar orasida 3500 dan ortiq bolalar ham bor.
Gʻazo Sogʻliqni saqlash vazirligi Falastin anklavidagi oʻlganlar va jarohatlanganlar soni haqidagi yagona maʼlumot manbai hisoblanadi.
Bu maʼlumotlarni ayni paytda mustaqil ravishda tekshirish imkoniyati yoʻq.
Juma kuni kechqurun va shanbaga oʻtar kechasi Isroil Gʻazo sektorini bombardimon qilishni kuchaytirib, HAMASning oʻnlab nishonlariga, xususan, yer osti tunnellariga zarba berganini maʼlum qildi. Hududda aloqa butunlay yoʻqoldi, 2,2 million kishi tashqi dunyodan uzilib qoldi.
Falastin hududida HAMAS nazoratidagi fuqarolik mudofaasi xizmati maʼlumotlariga koʻra, kuchli havo va artilleriya hujumi natijasida yuzlab uylar va tinch aholi binolari vayron boʻlgan.