platina.uz
Jamiyat

Mirziyoyev kutilmaganda Qarshi tumanidagi maktabga bordi

Avvalroq prezident rejalashtirilmagan tashrif bilan shifoxonaga borgandi. 

Mirziyoyev kutilmaganda Qarshi tumanidagi maktabga bordi

Prezident Shavkat Mirziyoyev safar dasturida nazarda tutilmagan manzillar bilan tanishishda davom etmoqda. Qarshi tumani markazi – Beshkent shahridagi 12-maktab ham rejalashtirilmagan holda borib koʻrildi.

Bu yerda ayni paytda 1 ming 400 ga yaqin oʻgʻil-qiz oʻqimoqda. Ularga yuzdan oshiq malakali pedagoglar taʼlim bermoqda. Maktab oʻtgan yili kapital taʼmirlangan. Oʻquvchilarga bitta kasb-hunar va ikkita xorijiy tilni oʻrgatish yoʻlga qoʻyilgan. Kompyuter savodxonligi, tikuvchilik, duradgorlik kabi toʻgaraklar bor.

Davlatimiz rahbari sinfxonalarni kirib koʻrdi, oʻqituvchi va oʻquvchilar bilan suhbatlashdi. Maktab sharoitlari, darsliklar sifati bilan qiziqdi.

Ayni kunlarda yurtimizda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik va koʻchat ekish avjida. Prezident maktab misolida shu boradagi ishlarni koʻzdan kechirdi. Mutasaddilarga ijtimoiy muassasalarni issiqlik bilan taʼminlash, energiya tejamkor texnologiyalarni qoʻllash boʻyicha koʻrsatmalar berildi. Oʻz navbatida, maktablarning qurilish standartlarini zamonaviylashtirish, bunda infratuzilma bilan taʼminlanganlik, funksionallik va energiya samaradorligi bilan bogʻliq barcha mezonlarni nazarda tutish zarurligi taʼkidlandi.

“Yashil makon” loyihasi doirasida maktablar atrofida koʻchat ekish ishlariga ham eʼtibor qaratildi.

– Maktab bor joyda madaniyat boʻladi. Pedagoglar boshqalarga har jihatdan oʻrnak. Maktab atrofi obod boʻlib, mavsumiy gullar yashnab tursa, yoshlarga ham tarbiya, ham daʼvat boʻladi, – dedi davlat rahbari.

Avvalroq prezident rejalashtirilmagan tashrif bilan shifoxonaga borgandi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid