Sergelidagi portlash sabab toʻrt kishi qamoqqa olindi
Bir kishiga nisbatan “garov” ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.

Sergelidagi portlashdan soʻng 4 kishi qamoqqa olindi, deyiladi Hukumat komissiyasi maʼlumotida.
Sergelidagi favqulodda vaziyat sabablarini oʻrganish jarayonida yongʻin boshlangan joy va portlash oʻchogʻi metall va “sendvich” panellardan qurilgan omborda yuz berganligi aniqlandi. Yongʻin va portlash oqibatida omborning metall konstruksiyalari deformatsiyaga uchrab, qulab tushgan.
Yongʻin sodir boʻlgan omborxonada katta miqdorda kimyoviy moddalar, qurilish va boshqa mahsulotlar belgilangan talablarga rioya qilinmasdan aralash holda saqlab kelingan.
Hodisa joyidan olingan namunalar asosida oʻtkazilgan kimyoviy tadqiqotlar natijasida poliefirlar, ksilol, uglevodorodlar, natriy gidroksid, vodorod peroksidi, etilen glikol va yuqori molekulyar karbon kislota efirlari kabi kimyoviy moddalar mavjudligi aniqlandi.
Bu moddalar omborxonada saqlanayotgan vodorod peroksidi, alkid smolasi, alkilbenzolsulfon kislotasi, latex, poliefir smolasi, kaustik soda moddalari va lak mahsulotlarining tarkibiy qismlari boʻlib, yongʻin va portlash xavfi yuqori hisoblanadi.
Hodisa joyi oʻrganilganda aynan vodorod peroksidi saqlangan joy yaqinida gul qogʻozlar va boshqa yonuvchi materiallar saqlangani aniqlandi.
Oʻrganish natijasiga koʻra, omborxonada saqlanayotgan kimyoviy modda va materiallarning oʻzaro taʼsirlanishi va kimyoviy oʻz-oʻzidan yonishi yuzaga kelib, portlash sodir boʻlgan.
Holat yuzasidan Ichki ishlar vazirligi Tergov departamenti tomonidan Jinoyat kodeksining 259-moddasi 2-qismi “a” va “b” bandlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Jinoyat ishi boʻyicha 4 nafar shaxsga nisbatan “qamoqqa olish”, 1 nafariga nisbatan “garov” ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.
Eslatib oʻtamiz, Sergeli tumanidagi ombor 28 sentabr kuni portlab ketgandi. Oqibatda bir kishi halok boʻldi.