Samarqandda Global investitsiya forumi ochildi
Global investitsiya forumi va koʻrgazma 18 oktabrgacha davom etadi.

Samarqanda shahridagi “Ekspomarkaz”da Butunjahon turizm tashkiloti Bosh Assambleyasi doirasida Global investitsiya forumi va koʻrgazma ish boshladi.
Investitsiya forumida vazirlar, halqaro moliya institutlari rahbarlari darajasida muhokamalar, 5 ta panel sessiyasi, 22 ta taqdimot oʻtkazish rejalashtirilgan.
“Ekspomarkaz”dagi 4200 kv.m maydonda Oʻzbekistonning 14 ta hududining turistik-investitsion salohiyatini aks ettiruvchi stendlar, 3 ta turistik-rekreatsion zona - Zomin, Chorvoq, Chimyon hududlarining, Markaziy Osiyo davlatlari - Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmanistonning, shuningdek, Yaponiya, Chexiya, Fransiya va Braziliyaning 4 ta startap loyihasining hamda Oʻzbekiston Turizm qoʻmitasi, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ, “Oʻzbekiston aeroportlari” AJ va “Uzbekistan vertolyotlari” MChJlarining stendlari tashkil etilgan.
Bugungi kunga qadar 100 dan ortiq davlatdan 634 vakil, shu jumladan, 122 ta yirik xorijiy investor hamda 540 ga yaqin yirik mahalliy kompaniyalar Bosh Assambleyaning rasmiy veb-saytidagi maxsus havola orqali roʻyxatdan oʻtib ishtirok etishini maʼlum qildi.
Forum doirasida umumiy qiymati 2 milliard dollarlik istiqbolli loyihalar manzilli roʻyxati shakllantirilib, investorlarga taqdim etildi.
“Ekspomarkaz”dagi Global investitsiya forumi va koʻrgazma 18 oktabrgacha davom etadi.
Avval Samarqandga “Madaniy turizmning xalqaro poytaxti” maqomi berilishi maʼlum qilingandi.




