"Dasturni ishlab chiqish oʻz yoʻliga, uni ijro qilish oʻz yoʻliga"

Maktabgacha va maktab taʼlim vazirligi boshqarma boshligʻi Laziz Xoʻjaqulov Platina.uz saytiga bergan intervyusida muhim savolga ham javob berib oʻtdi.

Jamiyat
1-oktabr 2023 yil
"Dasturni ishlab chiqish oʻz yoʻliga, uni ijro qilish oʻz yoʻliga"

Maktabgacha va maktab taʼlim vazirligi boshqarma boshligʻi Laziz Xoʻjaqulov Platina.uz saytiga bergan intervyusida ushbu savolga ham javob berib oʻtdi.

— Kadrlar tayyorlash milliy dasturi 25 yil avval qabul qilingan. Shu muddat Oʻzbekiston uchun kamlik qiladi, deb oʻylaysizmi?

— Toʻgʻri, lekin Milliy dasturni ishlab chiqish oʻz yoʻliga, uni ijro qilish oʻz yoʻliga. Ikkinchidan, u eskirib ham qoldi. Bitta statistika maʼlumotini aytay: dunyodagi jami bilimlar boʻyicha oxirgi 70 yillik tendensiyani olsak, har 50 yilda bilimlar 2 baravar koʻpaymoqda. Endi oʻsha dasturga qaytsak, pedagog kadrlarning malakasini oshirish, degan joyi bor edi. Masalan, bir mutaxassis pedagogika yoʻnalishida oliy taʼlim muassasida oʻqishni tugatib keldi, deylik. Undan keyin har 5 yilda malakasini oshirishi kerak boʻladi. 2 yil oldingi holatgacha shunday edi.

Endi oʻylab koʻring, hozirgi kunda har yilda pedagogikada va unga taʼsir qiluvchi sohalar, masalan, texnologiyalarda qanchadan-qancha oʻzgarishlar boʻlyapti. Har 5 yilda malakasini oshirgan pedagog zamon bilan hamnafas boʻla oladimi? Albatta bu borada qandaydir strategiya boʻlishi kerak, lekin har bir tegishli hujjatni dogmatik boʻlmagan, yaʼni qotib qolmagan hujjat qilish kerak. Bu yerda har bir davlat idorasining qanchalik avtonom, moslashuvchan ekanligi ham muhim. Oddiy misol, sunʼiy intellektni olsak. Avval oʻquvchiga ingliz tilidan biror yozishni topshirsangiz, birinchidan, u qiynalib oʻzbek tilida maʼlumot topar edi. Ikkinchidan, maʼlumotlarni insho shakliga tushirar edi. Uchinchidan, uni ingliz tiliga tarjima qilar edi. Buning uchun oʻrtacha 3-4 kun vaqt ketar edi.

Hozir esa sunʼiy intellekt, masalan, ChatGPT bu ishni 2 daqiqada amalga oshiradi. Demak, endi oʻquvchilarga insho yozishni oʻrgatishimiz kerakmi, degan savol tugʻiladi. Agar biz har 5 yilda oʻquvchining malakasini oshirsak, yana 5 yil insho yozdirib yurardik. Balki endi bolalarga boshqa narsalarni oʻrgatishimiz kerakdir? Balki insho yozish kerak emasdir? Masalan, tarix fanini olsak, turli sanalarni yodlatishga urgʻu berishadi ayrim oʻqituvchilar. Lekin biz talabalarga bu sanalarni emas, shu sanaga bogʻliq voqealarni boshqa tarixiy voqealar bilan bogʻlab tahlil qilishni, ularning mohiyatini tushunishga oʻrgatishimiz lozim, deb oʻylayman. Sanalarni bola Google’dan darrov topib oladi.

Yaʼni bolalarni umumiy bir qabul qilingan haqiqatga moslashtirish emas, ularni tafakkur qilishga, tanqidiy fikrlashga oʻrgatishimiz oʻrgatishimiz lozim. Goʻyoki bolaga tayyor ovqatni berib, uni chaynashga oʻrgatyapmiz, xolos. Bola ertaga tayyor ovqatga oʻrganib qoladi. Aslida biz oʻquvchiga masalliqni berib, shu masalliqdan ovqat pishirishni oʻrgatishimiz kerak. Oʻshanda oʻquvchining yonida boʻlmasak ham, oʻzi fikrlab, xulosa yasay oladi.

Suhbatning toʻliq talqinini quyidagi havola orqali koʻrishingiz mumkin.

© 2024 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+