Shavkat Mirziyoyev Sergelidagi holatdan boxabar boʻlib turibdi
Bosh vazir Abdulla Aripov Sergeli tumani aholisi bilan uchrashdi.

Bosh vazir Abdulla Aripov Sergeli tumani aholisi bilan uchrashib, muloqot qildi. Bosh vazirning aytishicha, ayni damda Germaniyada boʻlib turgan prezident Shavkat Mirziyoyev vaziyatdan boxabar: “Germaniyada xizmat safarida boʻlib, kechasi 1 da hokimga telefon qildilar, menga telefon qildilar. Ertalab 8 da yana telefon qildilar.
Prezidentimizga barcha kuchlar jalb qilinganini, 24 soat davomida ishlar tashkil qilinib, kechasi bilan ishlashganini bildirdim. Safarda boʻlsalar ham ularning eʼtiborlaridan chetda qolmaysizlar, havotir olmanglar”, deb taʼkidladi Abdulla Aripov.
Portlash yuz bergan hududdagi aholi tibbiy koʻrikdan oʻtkazilmoqda, ularga zarur yordam yetkazilmoqda. Harbiylar, shifokorlar va boshqalar hududda ishlamoqda.
Eslatib oʻtamiz, 28 sentabr kuni Toshkentning Sergeli tumanida joylashgan omborda kuchli portlash yuz berdi. Portlash oqibatida bir kishi vafot etdi. Hodisa sabab 26 ta koʻp qavatli uydagi 592 ta xonadon hamda 8 ta xizmat koʻrsatish shoxobchasi, 1 ta maktab va 2 ta MTT binolarining fasad qismi hamda deraza-romlariga zarar yetgani aniqlandi.




