Qorabogʻda yoqilgʻi ortilgan mashina portladi, qurbonlar koʻp
Tan olinmagan respublika taslim boʻlgach, koʻplab armanlar hududni tark etayotgandi.

Tan olinmagan Qorabogʻ Sogʻliqni saqlash vazirligi xabariga koʻra, hududda yoqilgʻi tashuvchi yuk mashinasining portlashi oqibatida 20 kishi halok boʻldi. Yana 290 kishi yaralanib, shifoxonalarga yetkazilgan.
“290 nafar jabrlanuvchi turli darajadagi kuyishlar bilan tibbiy markazlarga yotqizildi. Yetti kishi kasalxonada vafot etdi. 13 nafar jasadning shaxsi aniqlanmagan. Oʻnlab odamlarning ahvoli oʻta ogʻir”, — deya yozmoqda OAV Sogʻliqni saqlash vazirligi maʼlumotlariga asoslanib.
Armanistonning “Armenpress” agentligi koʻp sonli bedarak yoʻqolganlar haqida xabar qilgan.
Kecha, 25 sentabr kuni Xonkendi-Askeran avtomobil yoʻlidagi yoqilgʻi quyish shoxobchasida yoqilgʻi ortilgan yonilgʻi yuk mashinasi portlab ketdi. Yoqilgʻi quyish shoxobchasi mintaqadan chiqib, Armanistonga ketayotganlarni benzin bilan taʼminlagan. Dastlab 200 nafar jabrlanganlar haqida xabar berilgan edi.
Eslatib oʻtamiz, 19 sentabr kuni Ozarbayjon Qorabogʻda aksilterror operatsiyani eʼlon qildi. Natijada tan olinmagan respublika taslim boʻldi. Oqibatda hududdagi koʻplab etnik armanlar Armanistonga koʻchib keta boshladi.