Bolalarning nimadan zaharlangani hamon mavhumligicha qolmoqda
Bolalari azoblanayotgan ota-onalar, junbushga kelayotgan jamoatchilik berayotgan savollarning ochiq qolayotgani oqlanadigan holat emas.

5 kundirki, hamma joyda shov-shuv boʻlgan bolalarning ommaviy zaharlanishi haqida hamon ochiq va aniq maʼlumotlar berilganicha yoʻq.
Hozircha Namangan va Andijonda kuzatilgani rasman aytildi xolos. Ammo ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlarda boshqa hududlarda ham bunday holatlar kuzatilayotgani haqida bot-bot bong urilmoqda.
Ushbu holatga aniqlik kiritish maqsadida muxbirimizning Sogʻliqni saqlash vaziri matbuot kotibi Furqat Sanayev bilan bogʻlanishlari bir necha kundan beri besamar ketmoqda.
Hozirgacha aniq bir maʼlumot berilmasligi, tabiiyki, shubha-gumonlarni oshiradi. Eng yomoni — mavhumlik. Bolalari azoblanayotgan ota-onalar, junbushga kelayotgan jamoatchilik berayotgan savollarning ochiq qolayotgani oqlanadigan holat emas.
Boz ustiga vazir yordamchisi ekani aytilgan bir odamning Namanganda tomosha koʻrsatgani ortiqcha boʻldi. SSV matbuot xizmati uning gaplarini inkor etgani bilan u haqiqatan ham vazir yordamchisimi yoki yoʻq, bunga aniqlik kiritilmagan.
Eng dahshatlisi, vazir oʻrinbosari Elmira Bositxonova avvaliga bu zaharlanish ovqat yo doridan emasligini aytib chiqqan boʻlsa, keyinroq mavsumiy, yaʼni kuzgi kasallik sabab ekanini bildirgani yanada shubhali koʻrinmoqda. Chunki mavsumiy kasallikka chalingan bolada koʻngil aynishi, ich ketishi juda kamdan-kam kuzatiladi.
Bu tomonda esa Bositxonova imzosi bilan antistrumin dorisi isteʼmoldan olindi, ammo uni katta miqdorda ishlab chiqargan va pullagan korxona rahbari xalqaro qidiruvda ekani maʼlum boʻlib turibdi.
Xullas, sogʻliqni saqlash tizimi ayni paytda jiddiy islohotga muhtojdir. Dok-1 maks qurbonlari hali unutilmasidan yana aynan shu farmatsevtika boʻyicha muammolarning yuzaga chiqishi tizimdagi rahbarlarning beeʼtiborligi, loqaydligi va masʼuliyatsizligidan deyishga hozircha asoslar yetarli.