platina.uz
Jahon

Ukraina mudofaasida yangi “format” va keskin qadam

Rustem Umerov urush davrida koʻplab oliy darajadagi va murakkab xalqaro muzokaralarda, bevosita ishtirok etgan. Eʼtiborli jihati – isteʼdodli muzokarachi sifatida taʼriflangan Umerov 2022 yilning mart oyida, Rossiyaning keng koʻlamli bosqinidan bir oy oʻtib, Rossiya bilan muzokaralar olib borgan Ukraina delegatsiyasi aʼzosi boʻlgan.

Ukraina mudofaasida yangi “format” va keskin qadam

Ukraina Prezidenti Zelenskiy mamlakat mudofaasi “jamiyat bilan oʻzaro hamkorlikning boshqa formatlariga muhtoj”ligi ortidan asli Oʻzbekistonda tugʻilgan, qrim-tatar millatiga mansub Rustam Umerovni mamlakat mudofaa vazirligiga nomzod sifatida koʻrsatdi.

Zelenskiy Ukraina Oliy Radasi bu odamni yaxshi bilishi va janob Umerovga boshqa izoh kerak emasligini qayd etgan holda parlamentdan bu nomzodni qoʻllab-quvvatlashiga umid bildirgani haqida avval xabar qilgandik.

Albatta Umerov tayinlanishidan oldin uning nomzodi parlament tomonidan tasdiqlanishi kerak. Ammo urush sharoitida hatto demokratik jamiyatlarda ham Oliy bosh qoʻmondonning taklifi inobatga olinmasligi juda kam uchraydi.

Umerov mudofaa vaziri lavozimiga tayinlansa, bu Ukraina mudofaa idorasidagi eng katta kadr almashinuvi boʻladi. Garchi Zelenskiy sobiq vazir Aleksey Reznikovning mansabidan ozod qilinishini yumshoq qilib “vazirlik yangi yondashuvlar va ...formatlarga muhtoj” deb izohlagan boʻlsa-da, u anchadan beri korrupsiyaga yoʻl qoʻyishda ayblab kelinayotgan edi.

2021 yil noyabrda Mudofaa vaziri etib tayinlangan Reznikov bu ayblovlarni tuhmat deb atagan. Oʻz rahbarligi davrida Gʻarbdan koʻp milliardli xorijiy harbiy yordam olishga muvaffaq boʻlganini pesh qilgan.

Xoʻsh, Ukraina Mudofaa vaziri boʻlishi kutilayotgan asli Oʻzbekistonda tugʻilgan siyosatchi Rustam Umerov oʻzi kim?

Rustam Umerovning harbiylikdan xabari bormi?

Shu oʻrinda qayd etish kerakki, sobiq mudofaa vaziri Aleksiy Reznikov kursisini egallashi kutilayotgan Rustam Umerov harbiylar “kastasi”ga mansub emas. 1982 yil 19 aprelda Samarqand viloyatining Bulungʻur tumanida Stalin farmoni bilan surgun qilingan qrim-tatarlar oilasida tugʻilgan Rustem Enverovich Umerov davlat va siyosat arbobi, asosan tadbirkor, investor va metsenat sifatida tanilgan.

Rustem Umerov oʻz faoliyatini xususiy sektorda boshlagan. U 2004 yilda Ukrainaning yetakchi uyali aloqa operatorlaridan biriga qoʻshilgan. 2013 yilda oʻzining ASTEM investitsiya kompaniyasi va uning ASTEM fondini tuzdi. Rustem Umerov iqtisodiyot boʻyicha bakalavr va moliya magistri darajasiga ega.

Shunga qaramasdan, Umerov yangi davrda asosan siyosat va jamoat arbobi, mohir muzokarachi sifatida tanilgan. U Ukrainaning oʻsha paytda Gʻarbga moyil deb hisoblangan “Golos” partiyasidan 9-chaqiriq (2019—2022) parlamentida xalq deputati etib saylangan. Ayni paytda Qrim istilosini tugatish strategiyasi ustida ishlovchi Ukraina hukumati ishchi guruhi aʼzosi hisoblanadi.

Umerov 2022 yildan hozirgacha Ukrainaning asosiy xususiylashtirish jamgʻarmasi – Davlat mulki fondi rahbari lavozimida faoliyat koʻrsatib kelgan. U tez-tez korrupsiya mojarolari botqogʻiga tushib qolgan ushbu muassasani oyoqqa turgʻizgani bilan mashhur. U, shuningdek, davlat mulkini sotishni qayta yoʻlga qoʻydi va urush sharoitida davlatga rekord darajadagi investitsiyalar keltirdi.

Rustem Umerov urush davrida koʻplab oliy darajadagi va murakkab xalqaro muzokaralarda, bevosita ishtirok etgan. Eʼtiborli jihati – isteʼdodli muzokarachi sifatida taʼriflangan Umerov 2022 yilning mart oyida, Rossiyaning keng koʻlamli bosqinidan bir oy oʻtib, Rossiya bilan muzokaralar olib borgan Ukraina delegatsiyasi aʼzosi boʻlgan. Shuningdek, u Qora dengiz gʻalla tashabbusi boʻyicha, shuningdek, harbiy asirlarni almashuv, shu jumladan, 2022 yilda janubiy Mariupol shahri uchun olib borilgan janglarda asirga olingan Ukrainaning Azov jangchilarini almashuv boʻyicha muzokaralarda muvaffaqiyatli ishtirok etdi. U Zelenskiyga Rossiya, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklariga tashriflari chogʻida hamrohlik qilgan. Bir soʻz bilan aytganda, Rustem Umerov Ukraina siyosiy elitasi uchun oʻz sadoqati va kerakliligini isbotlashga toʻla muvaffaq boʻlgan.

Sadoqatning oʻzi yetarlimi?

Biroq ayni paytda uning – harbiy boʻlmagan shaxsning mudofaa vaziri etib tayinlanishi uchun sadoqat va muzokarachilik xislatlari yetarli boʻlganmikin? Zelenskiy bu tanlovi orqali bir oʻq bilan nechta nishonni urmoqchi?

Avvalo shuni eslatish joizki, 2018 yil 21 iyunda Ukraina parlamenti tasdiqlagan Ukraina milliy xavfsizligi haqidagi qonunga koʻra, Ukraina mudofaa vaziri etib faqat harbiy boʻlmagan fuqarolik vakillari tayinlanishi mumkin. Bu qonun 2019 yil 1 yanvardan kuchga kirgan. Shuning uchun 2019 yil 29 avgustda tadbirkor Andrey Zagorodnyuk mudofaa vaziri etib tayinlandi. 2020 yil 4 mart kuni esa diplomat Andrey Taran, 2021 yil 4 noyabrda esa huquqshunos va tadbirkor Aleksey Reznikov bu lavozimni egalladi. Shu bois harbiy boʻlmagan odamga bu masʼuliyatli lavozimni ishonib topshirish Ukraina uchun gʻayrioddiy hodisa emas. Zero, Gʻarb, umuman demokratik jamiyatlarda mudofaa masalalarini urushga moyil boʻlmagan fuqarolik xizmati vakillariga ishonish amaliyoti mavjud. Chunki urushga tayyor turish yaxshi, ammo urushga yoʻl qoʻymaslik undan ham yaxshi, degan tamoyilga amal qilinadi.

Ikkinchi omilni esa, Zelenskiyning yangi iqtisodiy-harbiy yordam kanallarini izlashi, xayrixoh va doʻstlikka moyil, hech boʻlmaganda Rossiya-Ukraina mojarosida Rossiyaga yon bosmasdan neytral qoluvchi kuchlarni koʻpaytirishga urinishlaridan qidirish lozim. Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlanganidan buyon Zelenskiy asosan Gʻarb davlatlari bilan hamkorlikni mustahkamlashga intildi. Biroq Rossiyaning qurolli yordam va tekin gʻalla vositasida Afrika va Sharq davlatlari timsolida yangi “doʻstlik fronti” ochishga urinishlari Zelenskiyni endi Sharqqa, xususan arab va islom olamiga yuzlanishga majbur qilmoqda. Ukraina prezidentining Islom hamkorligi tashkiloti sammitida qatnashib, nutq soʻzlashi, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklariga uyushtirgan rasmiy safarlari buning isboti, deyish mumkin. Qolaversa, Gʻarb bilan birga Ukrainaga katta harbiy, iqtisodiy va diplomatik koʻmak berib kelayotgan Turkiya omilini ham nazardan qochirmasligimiz lozim. Rustam Umerov esa, unda barcha mavjud ijobiy xislatlar bilan birga, Zelenskiy ochishga urinayotgan yangi “front” uchun juda mos nomzod. Umerov – musulmon, turkiy xalqlarga mansub va yaxshi muzokarachi. Yangi hamkorlik qirralarini kashf etish uchun bundan ziyod nomzod hozircha yoʻq.

Qisqa qilib aytganda, Zelenskiyning yangi tanlovi tez orada ijobiy samara berishini kutish mumkin. Qolganini esa vaqt koʻrsatadi.

Abulfayz Sayidasqarov tayyorladi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid