platina.uz
Jamiyat

"Oʻzbekneftgaz" "Tolibon" neft tankerlarini qaytarib yuborganini inkor etmoqda

Joriy yil 17 may kuni “Uzbekistan GTL” MChJ va Turkiya kompaniyasi oʻrtasida sintetik dizel komponentini eksportga sotish boʻyicha shartnoma imzolangan. 

"Oʻzbekneftgaz" "Tolibon" neft tankerlarini qaytarib yuborganini inkor etmoqda

"Tolibon" neft tankerlarini Oʻzbekistonga qaytarib yuborgani yuzasidan "Oʻzbekneftgaz" AJ rasmiy munosabat bildirdi. Unda tashkilot neft mahsulotlari sifati pastligi uchun qaytarilganini inkor etgan.

Joriy yil 17 may kuni “Uzbekistan GTL” MChJ va Turkiya kompaniyasi oʻrtasida sintetik dizel komponentini eksportga sotish boʻyicha offteyk shartnomasi imzolangan.

24-26 iyun kunlari xaridor talabnomasiga asosan, “Uzbekistan GTL” tomonidan jami 3,4 ming tonna (67 ta vagon) mahsulot Qashqadaryo viloyati Gʻuzor tumanidagi “Kengsoy” stansiyasidan yeksport qilish uchun xaridorga topshirilgan.

Maʼlumot oʻrnida “Uzbekistan GTL” zavodining dizel yonilgʻisi uchun sintetik komponent EN 15940 Yevropa standartiga muvofiq Markaziy Osiyo davlatlari orasida faqatgina Oʻzbekistonda “O’zDSt 3134-2017” davlat standarti asosida ishlab chiqariladi. Hozircha Afgʻonistonda bu standart joriy qilinmagan, deyiladi xabarda.

Mahsulotni eksport qilish jarayonida sintetik dizel va uning komponenti Afgʻonistonning ANSA (Afgʻoniston standart agentligi) tashkilotida roʻyxatdan oʻtmaganligi haqida xaridorga ham maʼlum qilingan. Xaridor tomonidan mahsulot komponent sifatida anʼanaviy dizel bilan kompaundlashtirilgan holda Afgʻoniston bozoriga olib kirilishi rejalashtirilgani bildirilgan.

“Oʻzbekneftgaz” AJga koʻra, xaridorga topshirilgan 3,4 ming tonna (67 ta vagon) sifatli mahsulot uchun toʻlov 100 foiz amalga oshirilgan, Afgʻoniston hukumati tomonidan “Uzbekistan GTL” MChJga sifatsiz mahsulot sifatida qaytarilmagan. Shartnoma shartlariga asosan xaridor mahsulotni qaysi davlatga olib borib qanday usulda sotishini oʻzi belgilaydi.

Eslatib oʻtamiz, “Oʻzbekneftgaz” AJ tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar doimiy va tizimli ravishda xalqaro va milliy standartlarga muvofiqlashtirib boriladi.

Avvalroq Afgʻoniston Davlat standartlashtirish bosh boshqarmasi 67 ta neft tankerini mahsulot sifati pastligi sababli Oʻzbekistonga qaytarib yuborganini maʼlum qilgandi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid