Samarqanddagi toʻyxonada odamlar salatdan ommaviy zaharlandi
Bemorlarning ahvoli oʻrta ogʻirlikda deb baholanmoqda.

Samarqand viloyatida boʻlgan toʻyda salatdan ommaviy zaharlanish (41 kishi) kuzatildi. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining Samarqand viloyat boshqarmasi holat yuzasidan bayonot eʼlon qilgan.
Unga koʻra, joriy yilning 4 avgust kuni soat 05:30 da Urgut tuman, Jarqishloq mahallasidagi “Toshpoʻlat ota” toʻyxonasida 2023 yil 3 avgust kuni oʻtkazilgan toʻy tadbiri ishtirok etgan 7 nafar fuqaro koʻngil aynish, qayd qilish, qorin sohasida ogʻriq, ich ketish va tana haroratini koʻtarilishi kabi shikoyatlar bilan tungi soat 02:00 dan boshlab ertalab 10.45 ga qadar 7 nafar bemor “Oʻtkir ovqat toksikoinfeksiyasi” tashxisi bilan tuman yuqumli kasalliklar boʻlimiga, bir nafar bemor esa viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan.
Shifoxonalarda bemorlarga tibbiy yordam koʻrsatildi.
Barcha bemorlar oʻz kasalliklarini 2023 yil 3 avgust kuni kunning ikkinchi yarmida “Toshpoʻlat ota” toʻyxonasida isteʼmol qilingan mayonezli salatlar bilan bogʻlashgan.
Qayd etilgan holat yuzasidan Sanepidqoʻmita Urgut tuman boʻlimi mutaxassislari tomonidan olib borilgan epidemiologik surishtiruvlar natijasida toʻy egasi tomonidan toʻydan bir kun avval yani 2 avgust kuni tayyorlangan salatlar dasturxonga tortilganligi aniqlandi. Shuni alohida takidlash lozimki salatlar dasturxonga qoʻyilgunga qadar saqlash qoidalariga roya etilmagan uy sharoitida sovutgichsiz saqlangan, deyiladi xabarda.
Tibbiyot xodimlari tomonidan toʻy tadbirida ishtirok etganlarni aniqlash maqsadida uyma-uy yurib surishtirish oʻtkazilib, kasallik belgilari aniqlangan 41 nafar fuqarolar tuman yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan.
Bemorlarning ahvoli oʻrta ogʻirlikda deb baholanmoqda, ogʻir bemorlar yoʻqligi aytilgan.
Eslatib oʻtamiz, ikki kun avval Namangandagi xususiy bogʻchada 15 nafar bola tortdan zaharlangandi.