Pokiston sobiq vaziri korrupsiyada ayblanib, uch yilga qamaldi
Hukm Xonning mavjud siyosiy imkoniyatlariga chek qoʻyishi aytilmoqda.

Pokistonning sobiq bosh vaziri Imron Xon korrupsiyada ayblanib, uch yillik qamoq jazosiga hukm qilindi.
Siyosatchi va sobiq kriketchi vazir oʻz lavozimida boʻlgan vaqtida chet el rahbarlaridan olingan sovgʻalarni sotishda ayblangan.
Hukm Xonning siyosiy imkoniyatlariga chek qoʻyishi va uni kuzda boʻlib oʻtadigan milliy saylovlarda ishtirok etishini deyarli imkonsiz qilib qoʻydi deydi uning advokatlari.
“Politsiya Xonni qarorgohida hibsga oldi. Biz apellyatsiya beramiz”, — deya sobiq vazirning advokati Xon Intezar Panjota soʻzlarini keltirgan Reuters.
Xonning may oyida boshqa holatda hibsga olinishi sobiq bosh vazir tarafdorlari va politsiya oʻrtasida tartibsizliklar va shiddatli toʻqnashuvlarga olib kelgandi.
Oʻshanda u yer bilan bogʻliq firibgarliklarga aloqador deb topilib, qamoqqa olingandi. Namoyishlardan soʻng Imron Xon garov evaziga ozod etilgandi.