platina.uz
Jamiyat

Oʻzbekistonda qizamiq xavfi ortib boryapti — mutaxassis

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti ayni kunda qoʻshni davlatlarda qizamiq kasalligi roʻyxatga olinayotgani maʼlum qilgan.

Oʻzbekistonda qizamiq xavfi ortib boryapti — mutaxassis

Qizamiq – bu oʻtkir yuqumli virusli kasallik boʻlib, u tana haroratining koʻtarilishi, koʻp miqdorda toshma va shamollash alomatlari bilan namoyon boʻlmoqda, deydi Platina.uz bilan suhbatda Sanitariya-epidemiologiya qoʻmitasi bosh mutaxassisi Xursanoy Jamalova.

Kuni kecha Sanepidqoʻmita respublikamizda 164 nafar bemorda qizamiq – oʻtkir yuqumli virusli kasallik aniqlanganini ochiqlagan edi.

Sanitariya-epidemiologiya qoʻmitasi bosh mutaxassisining maʼlum qilishicha, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti ayni kunda qoʻshni davlatlarda qizamiq kasalligi roʻyxatga olinayotgani maʼlum qilgan.

Bugungi kunda esa Oʻzbekistonda ham chetga borib kelayotgan, qizamiqqa qarshi emlanmagan fuqarolar orasida kasallik roʻyxatga olinishi xavfi ortib boryapti. Hozirda mamlakatimizda qizamiq boʻyicha epidemiologik vaziyat nazorat ostida boʻlib, qizamiq kasalligiga shubha qilingan shaxslar bilan aloqada boʻlganlar epidemiologik koʻrsatma asosida profilaktik emlash bilan qamrab olinmoqda.

Qizamiq kasalligi bemorning aksa urishi va yoʻtalishi natijasida havo-tomchi yoʻli orqali yuqadi. Qizamiq bilan ogʻrigan bemorlar kasallik belgilari boshlanishigacha va undan soʻng bir necha kun davomida boshqalarni zararlashi mumkin. Bu kasallik bolalar bogʻchalari, maktablar va tibbiyot muassasalarida oson tarqaladi. Virus tashqi muhitda yoki havoda 2 soat davomida faol va zararli boʻlib qoladi. Virus qizamiq bemoridan toshmalar toshishidan 4 kun oldin va toshma paydo boʻlgandan soʻng 4 kun davomida tarqalishi mumkin. Kasallik oʻta yuqori yuqumlilik darajasiga ega boʻlgani sababli epidemiya koʻrinishida emlanmagan aholi va bolalar oʻrtasida keng tarqalishiga va asorati bolalar oʻrtasida oʻlim koʻrsatkichiga olib keladi, deydi mutaxassis.

— Qizamiqning asosiy belgilari qanday?

— Kasallik virus yuqqanidan soʻng 1-7 kun davomida quyidagi belgilar bilan kechadi:

  • Burun bitishi, tumov;
  • Koʻz qizarishi(konʼyunktivit);
  • Ogʻiz boʻshligʻining shilliq qavatlarida oq mayda dogʻlar (Filatov-Koplik dogʻlari);
  • Holsizliq;
  • Yoʻtal;
  • Tana harorati koʻtarilishi oqibatida 3-4-kunda tana boʻylab tarqalgan toshmalar, avval yuz va boʻyinda toshma paydo boʻladi, 5-6-kuni toshma butun tanaga tepadan pastga tomon yuz, boʻyinga, keyin qoʻl va oyoqlarga tarqaladi.

Odinaxon Dehqonova suhbatlashdi.

Tavsiya etamiz

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid