Indoneziyada qoʻlga olingan oʻzbekistonliklar qochishga urindi, qurbonlar bor
Oʻzbekistonliklar mart oyida Abu-Dabi va Kuala-Lumpur orqali Indoneziyaga kelgan.

Indoneziyada terrorizmda gumonlanib qoʻlga olingan oʻzbekistonliklar qamoqdan qochishga urindi va politsiya bilan toʻqnashdi. Bu haqda The Strait Times nashri eʼlon qilgan maqolada aytiladi.
Toʻrt nafar oʻzbekistonlik shu yilning bahorida ushlangan va qamalgandi. Ular "al-Qoida"ga aloqador "Katiba tavhid val jihod" guruhiga aloqadorlikda gumonlangan.
Maqolada aytilishicha, uch kishi qochishga uringan, natijada toʻqnashuvda uch nafar politsiyachi jabrlangan, bir nafari halok boʻlgan. Ayblanuvchilarning esa bittasi qurbon boʻlgan, ikkitasi esa turmaga qaytarilgan.
"Ularning halokatli qochishga urinishi Janubi-sharqiy Osiyo radikallashuv muammosiga nisbatan naqadar zaifligini koʻrsatadi" — deyiladi maqolada.
Oʻzbekistonliklar mart oyida Abu-Dabi va Kuala-Lumpur orqali Indoneziyaga kelgan. Ularning uch nafariga bevosita terror tashkilotlariga aloqadorlik ayblovi, biriga esa soxta hujjatlar tayyorlab, yordam berish aybi qoʻyilgan.
Eslatib oʻtamiz, may oyi oxirida Indoneziyaning Bali politsiyasi giyohvand moddalar savdosi bilan shugʻullanayotgan 7 kishini hibsga olgan, ular ichida oʻzbekistonliklar ham qayd etilgandi.