platina.uz
Jamiyat

Nafsimiz uchun emas, nafasimiz uchun qachon kurashamiz?

Lev Tolstoyning fikrlariga koʻra: “Baxtning birinchi shartlaridan biri inson va tabiat oʻrtasidagi bogʻliqlik uzilmasligidir”. Hozir bu hayotning birinchi shartiga aylangan.

Nafsimiz uchun emas, nafasimiz uchun qachon kurashamiz?

Ekologiyaga bir qarashda hamma eʼtiborlidek. Ammo bu sarob, chunki koʻp hollarda ekologiyani asrash qogʻozda qolib ketyapti.

Tabiat – qafasdagi yovvoyi hayvondek. Uni beeʼtibor qoldirsangiz, ozor bersangiz, yaxshilik bilan muomala qilmasangiz, gʻazablanib, quturib qafasdan chiqqudek boʻlsa, birinchi qurboni siz boʻlasiz.

Dunyo miqyosida qaraydigan boʻlsak, ekologik global muommolar talaygina va ular Oʻzbekistonni ham chetlab oʻtayotgani yoʻq.

Ekologiya muammolari, masalan, choʻllanish Orolning qurishidan, ichimlik suvi tanqisligi chuchuk suvning yer sathidan pastlab ketayotganida boshlangan.

Oʻzbekistonda bu kabi ekologik salbiy taʼsir va salbiy hodisalarga qarshi kurash allaqachon boshlangan. Masalan, Orol dengizining qurigan tubida 5,5 million gektar maydonga ega boʻlgan Orolqum choʻllari hosil boʻlgan. Ushbu hududdan taxminan 100 million tonna tuz, chang va qum havoga koʻtarilib, atrof-muhitga katta zarar yetkazmoqda. Jahon banki har yili boʻronlar Orol dengizining qurigan tubidan 75 million tonnagacha qumni Markaziy Osiyo kengliklariga olib oʻtishini maʼlum qilgandi.

Maʼlumot uchun: Orolqum qariyb 60 000 kvadrat kilometr maydonni egallaydi. Uning deyarli yarmi Oʻzbekistondagi 1,8 million aholi istiqomat qiladigan Qoraqalpogʻistonda joylashgan.

Ana shu bois Orol dengizining suvi qurigan tubida “yashil qoplamalar” barpo etish 2018-2019 yillarda boshlangan. Allaqachon ushbu “yashil qoplamalar” unib chiqqan.

2021 yilda esa Orol dengizining qurishi oqibatlarini yumshatish uchun Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish boʻyicha Davlat dasturi asosida ushbu hududda 1,5 million gektardan ziyod oʻrmon ekinlari ekildi. Ushbu hududga saksovul, cherkes va boshqa shoʻrga chidamli oʻsimliklarni ekish yangi oʻrmon ekotizimlarini yaratdi, bu yerda quyonlar, tulkilar, qirgʻovullar, yovvoyi choʻchqalar va boshqalar paydo boʻlgan.

Joriy yilda ham Orolboʻyi mintaqasida ekologik vaziyatni yaxshilash uchun 100 ming gektar maydonda himoya oʻrmonzorlari hisoblanuvchi “yashil qoplamalar” barpo etish rejalashtirilgan. Ularni barpo etish uchun jami 420 tonna saksovul, qandim, qoraburoq kabi choʻl oʻsimliklarining urugʻlari jamgʻarilmoqda.

100 gektar maydonda saksovul va boshqa choʻl oʻsimliklaridan niholxonalar tashkil etilyapti. Ammo natijani hali qoniqarli, deb boʻlmaydi. Chunki Orolboʻyi mintaqasidagi ekologik vaziyatni yaxshilashga harakat boʻlayotgan bir paytda Oʻzbekistonning boshqa hududlarida daraxtkushlik, garchi moratoriy eʼlon qilingan boʻlsa-da, hamon uchrayapti. Chiqindilarni qayta ishlash talabga javob bermaydi. Suv tanqisligini hali toʻla anglab yeta olganimizcha yoʻq.

Yaqinda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri Aziz Abduhakimov bayonoti ham bunga yaqqol isbot boʻla oladi.

Yaʼni oʻtgan 2022 yili “Yashil makon” loyihasi doirasida ikki milliondan ortiq ekilmagan koʻchatlar hisobotga “ekildi” deb qoʻshib yozilgan, sugʻorib boʻlmaydigan joylarga 7,3 million tup nihol oʻtqazilgan, ekilgan 1,8 million tup koʻchatni saqlash va parvarishlash uchun tegishli masʼullar belgilanmagan.

Aziz Abduhakimovning aytishicha, koʻchatlar ekilganining haqqoniyligi tekshirilganda ayrim rahbarlar tomonidan bir qator xato va kamchiliklarga yoʻl qoʻyilgan. Bosh prokuratura oʻrganish olib borishini aytgan.

Maʼlumot uchun: oʻrganish natijalariga koʻra, Navoiy viloyatida 959 ming, Toshkent viloyatida 564 ming, Fargʻona viloyatida 465 ming, Qashqadaryo viloyatida 227 ming tup ekilmagan daraxt koʻchatlari hisobotga "ekildi" deb qoʻshib yozilgani aniqlangan.

Shu bilan birga, 1,8 million tup koʻchatni saqlash va parvarishlash uchun tegishli masʼullar umuman belgilanmagani oshkor boʻldi. Eng achinarli ahvol – Fargʻona viloyatida. U yerda 415 ming tup daraxtga umuman, hech qanday masʼul belgilanmagan. Toshkent viloyatida 355 mingta, Surxondaryoda 331 mingta, Buxoroda 146 mingta, Qoraqalpogʻistonda 36 mingta ekilgan daraxtlar eʼtiborsiz qoldirilganini ochiqlagan vazir.

Shunda ekologiyaga ajratilgan milliardlab pul kimningdir choʻntagida qolyaptimi? Daraxtlarni kesib havoni zaharlab qurayotgan joylarimiz kimning manfaatiga xizmat qilayotgani yana bir savol.

Xalqaro maydondagi oʻrnimiz qayerda?

Xalqaro koʻrsatkichlarga eʼtiboringizni qaratmoqchimiz: Oʻzbekiston 2022 yili dunyo boʻyicha Ekologik samaradorlik indeksida 180 ta davlat ichida 107-oʻrinni egallagan. Bu indeks davlatning 22 koʻrsatkichini birlashtiradi.

Avvaldan bor boʻlgan havo ifloslanishi soʻnggi yillarda yaqqol koʻzga tashlanmoqda. Tez-tez yangilanib turadigan havo iflosligi reytingida Toshkent eng iflos, degan natijani koʻrsatgani ham hech kimga sir emas. Xalqaro indeksda asosiy hisobga olinadigan maqsadlar esa ekotizimning hayotiyligi va atrof-muhit salomatligidir. Demak, hayotiylik past va atrof-muhit salomat emas.

Yapon yozuvchisi Xirosi Noma: “Maboda kelgusida yerda hayot tamom boʻlsa, u atom urushidan emas, ichimlik suvi yetishmasligidan boʻladi” deb toʻgʻri aytgan. Bunga birgina BMTning yangi hisobotidagi faktlar yaqqol isbot boʻla oladi.

  • Dunyo aholisining 26 foizi toza ichimlik suviga ega emas;
  • Har yili dunyo boʻylab suv isteʼmoli taxminan 1 foizga oshadi;
  • Dunyodagi suvning 70 foizi qishloq xoʻjaligiga sarflanadi;
  • Dunyo aholisining 10 foizi suv taʼminoti yuqori boʻlgan mamlakatlarda yashaydi;
  • 3,5 milliarddan ortiq odam yiliga kamida bir oy ichimlik suviga muhtoj boʻladi;
  • Oqova suvlarning 80 foizi tozalanmasdan atrof-muhitga chiqariladi. Suv resurslarini tejash maqsadida tomchilatib sugʻorishni qoʻllash tavsiya etiladi.

Suv muammosi allaqachon bizning ham ogʻriqli nuqtamizga aylanib boʻldi. Orol shunchaki quriyotgani yoʻq. Suv tanqisligi faqat Orolda emas, boshqa hududlarimizda ham paydo boʻlishga ulgurdi. Ichimlik suvi tanqisligi uzoq yillardan beri bor. Markazdan uzoqroq yerlarda aholi ancha yillardan buyon suvni tashib ichadi.

BMT soʻnggi maʼlumotlariga koʻra, dunyoda har toʻrt kishidan biri suvdan mahrum. Hozir ayni vaqtda shu “bir inson” siz boʻlmasligingiz mumkin, ammo shu ketishda toʻrtdan uch kishi suvsiz qolib, shular qatorida SIZ boʻlmasligingizga kim kafolat beradi?!.

Mana shuncha isbotlar, natijalar koʻrsatyapmiz. Bu dunyo tajribasi, ammo hali ham bizga tatbiq etilmayotgan va biz qoʻllamayotgan tajribalar. Bugun biz bu muammolar bilan ommaviy kurashmasak, bir kun ommaviy halokatimizga sabab boʻlishi turgan gap.

Lev Tolstoyning fikrlariga koʻra: “Baxtning birinchi shartlaridan biri inson va tabiat oʻrtasidagi bogʻliqlik uzilmasligidir”. Hozir bu hayotning birinchi shartiga aylangan. Ammo biz hali-hamon nafasimizni emas, nafsimizni oʻylayotganimiz achinarli.

Fazilat Mirzaahmadova

Telegramda kuzatib boring!

Tavsiya etamiz

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid