Shifokor favvoralarda choʻmilishning oqibatlaridan ogohlantirdi
Bunday obʼektlar suvi basseynlar singari tez-tez almashtirilmaydi va zararsizlantirilmaydi.

Favvoralarda choʻmilish xavfli va bir qator kasalliklarga sabab boʻlishi mumkin. Sanitariya-epidemiologiya qoʻmitasi boʻlim boshligʻi Dilorom Tursunova mavzu yuzasidan muhim maʼlumotlarni berib oʻtdi.
— Favvoralar — havoni namlantirib turish va yon-atrofga estetik koʻrk bagʻishlash maqsadida barpo etiladi. Ular choʻmilish uchun moʻljallanmagan.
Bunday obʼektlar suvi basseynlar singari tez-tez almashtirilmaydi va zararsizlantirilmaydi. Shu bois issiqda ularda mikroorganizmlar tez va oson koʻpayadi.
Oqibatda favvorada choʻmilish oʻtkir virusli ichak infeksiyalari, gepatit (A,Ye), ichburugʻ, ichterlama, lyamblioz kabi xavfli kasalliklar kelib chiqishiga sabab boʻladi.
Qolaversa, bunday hafzalarga turli kommunikatsiya va yoritish moslamalari oʻrnatilgan boʻlishi mumkin. Bu esa suv ostidagi konstruksiyalarga qoqilib, jarohat olish xavfini oshiradi.
Yana bir omil: fontanlar — qushlar, it va mushuklar hamda boshqa jonivorlar chanqogʻini qondirishi, choʻmilishi, shoʻngʻishi uchun ochiq hamda qulay manba. Bu esa mazkur havzalarga turli lichinkalar tushishiga olib keladi.
Agar shunday ifloslangan suvga bolalar, ayniqsa, badanida turli yara va jarohatlari bor oʻgʻil-qizlar tushsa, teri kasalliklarini keltirib chiqaruvchi stafilokokk, streptokokk, enteraviruslar va boshqa parazit hamda mikroblarni yuqtirib olishi oson.
Bunday muhit burun, ogʻiz va quloq shilliq qavatlari yalligʻlanishiga ham olib kelishi ehtimoli mavjud.
Oʻz navbatida, yomgʻir suvi favvoralarga qoʻshilishi ular tarkibida zararli kimyoviy aralashmalar paydo boʻlishiga olib kelishini unutmaslik kerak.
Ayni sababdan, avvalo, taqiqlangan, ifloslangan, tekshirilmagan va notanish suv havzalariga tushmaslikni tavsiya etiladi.
Avvalroq organizmni tez qaritadigan mahsulotlar haqida maʼlumot berilgandi.