"Orqadan pichoq urish": Putin xalqqa murojaat bilan chiqdi
Rossiya prezidentining aytishicha, "har qanday ichki mojaro davlat uchun halokatli tahdiddir".

Rossiya prezidenti Vladimir Putin davlat telekanallari orqali murojaat bilan chiqdi va mamlakatdagi vaziyatga baho berdi.
Oʻz chiqishida Putin "Vagner" harbiy shirkati rahbari Yevgeniy Prigojinning harakatlarini "xoinlik" va "orqadan zarba berish" deb atagan.
"Rossiya janubida, Rostovda ahvol murakkabligicha qolmoqda. Kim mazkur qoʻzgʻolonni qoʻllab-quvvatlasa yoki qoʻshilsa, shubhasiz qattiq jazo oladi. Qurolli kuchlarga vaziyatni bartaraf etish uchun tegishli buyruqlar berildi" — deya taʼkidlagan Putin.
Rossiya prezidentining aytishicha, "har qanday ichki mojaro davlat uchun halokatli tahdiddir".
Eslatib oʻtamiz, Yevgeniy Prigojin 23 iyun tunida murojaat bilan chiqib, Rossiya Mudofaa vazirligi kuchlarini harbiy shirkat lagerlariga raketa zarbalari berishda ayblagandi.
Shundan soʻng, u qoʻshin bilan yirik shaharlarga yurishini eʼlon qildi, Rostov, Moskva va boshqa shaharda "antiterror operatsiya"lar eʼlon qilindi.