Yongʻinlar mavsumi: bir kunda 3 ta joy yondi
Yoz kelishi, ayniqsa, kunlar isiy boshlashi ortidan eskirgan transformatorlar zoʻriqib ishlaydi, yaxshi himoyalanmaganidan kuyib-yonib ketadi.

Yoz kelishi, ayniqsa, kunlar isiy boshlashi ortidan eskirgan transformatorlar zoʻriqib ishlaydi, yaxshi himoyalanmaganidan kuyib-yonib ketadi.
Bugunning oʻzida 3 ta joyda yongʻin chiqqani haqida xabarlar tarqaldi. Birinchisi va hozircha eng talafotlisi Toshkentdagi sexda yuz bergan portlashdan keyin chiqqan yongʻin.
Mis quvurlari sexidagi yongʻinda 1 kishi halok boʻlgan, 17 kishi kuygan. Sexning tom qismi konstruksiyalari qulab tushgan va 50 kv.m maydonda ichki qismi va dastgohlari yongan.
Ikkinchi xabar Sirdaryo tomonidan keldi. Bugun soat 12:40 da Guliston shahar, Boʻston MFYda joylashgan avtobekatning taxminan 10 kv.m maydoni yonib ketgan.
Yongʻin oqibatida hech kim oʻlmagan va jarohatlanmagani aytilgan. Hozirda yongʻinning taxminiy sababi va zarari aniqlanmoqda.
Uchinchi yongʻin Jizzax shahridagi koʻp qavatli uylarning birida sodir boʻlgan. Bu haqda hozircha rasmiy maʼlumot yoʻq.
2 kun oldin esa eng katta yongʻin sodir boʻlgan. Qoʻqon bozori deb atalmish hududda 5 gektar joy yonib ketgan. Olovni qariyb 5 soatda oʻchirishgan. Hozircha qurbonlar haqida maʼlumot yoʻq, jinoiy ish ochilgan.




