Qatar amiri Samarqandga yetib keldi
Samarqand aeroportida mehmonni prezident Shavkat Mirziyoyev kutib oldi.

Qatar amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy bugun, 5 iyun kuni davlat tashrifi bilan Samarqandga yetib kelgan.
Samarqand aeroportida mehmonni prezident Shavkat Mirziyoyev kutib olgan, deya xabar bermoqda davlat rahbari matbuot xizmati.
Tashrifning asosiy tadbirlari ertaga rejalashtirilgan. Bugun ikki mamlakat yetakchilari koʻhna Samarqandning tarixiy obidalariga birgalikda tashrif buyuradilar.
Muzokaralarda Oʻzbekiston va Qatar oʻrtasidagi koʻp qirrali munosabatlarni yanada rivojlantirish masalalari: faol siyosiy muloqotlar va madaniy-gumanitar almashinuvni davom ettirish, energetika, gaz-kimyo sanoati, qishloq xoʻjaligi, infratuzilma, logistika, turizm va boshqa tarmoqlarda yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish muhokama qilinadi.




