Boʻkada oʻlgan shaxs qiynoqqa solingani tasdiqlandi
Voqeaga aloqador 2 nafar tezkor xodim hibsga olindi.

Toshkent viloyati Boʻka tumanida tergovga jalb qilingan shaxs qiynoqqa solingani rasman tasdiqlandi.
Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Xayot Shamsuddinovning maʼlum qilishicha, gumonlanuvchi shaxsning vafoti bilan bogʻliq holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 235-moddasi (Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllash) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Voqeaga aloqador boʻlgan 2 nafar tezkor xodim hibsga olindi. Tergov harakatlari davom etmoqda.
Eslatib oʻtamiz, Boʻka tumanida bir qator oʻgʻirlik jinoyatlarini sodir etishda gumonlanib, tergovga jalb etilgan shaxs vafot etgandi.