platina.uz
Maqola

Oʻzbekistonliklarga “signal” bergan tashrif

Asʼasayu, dabdabadan xoli prezident, ijtimoiy adolat ustuvor va korrupsiyasiz jamiyat

Oʻzbekistonliklarga “signal” bergan tashrif

2023 yil, 23 may. “Oʻzbekiston havo yoʻllari” aviakompaniyasining doimiy yoʻnalishlarga qatnovchi oddiy fuqarolik borti Toshkent aeroportiga qoʻndi. Har kuni bunga oʻxshagan oʻnlab samolyotlar zaminimizga qoʻnsa-da, aynan shu “temir qush” vatanimiz tarixida yangi va muhim sahifani ochib berdi.

Chunki bu samolyotda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan, Singapur Prezidenti Halima Yoqub davlat tashrifi bilan Oʻzbekistonga keldi. Oʻzbekiston prezidenti 2023 yil yanvar oyida Singapurga uyushtirgan tashrifi chogʻida Halima Yoqubni yurtimizga taklif etgan, xonim bu taklifni qabul qilgan edi.

Prezidentlar va qirollarning alohida samolyotlarda, asʼasayu-dabdaba bilan kelishlariga oʻrganib qolgan koʻzlar uchun bu gʻayritabiiy tuyular, ammo Singapur rahbarlari uchun bu odatiy hol. Zero, Singapur davlatining asosiy davlatchilik tamal toshi ana shu unsur – xalq bilan birdamlik, tenglik va xalq pulini tejab-tergab sarflash tamoyili ustiga qurilgan. Xalq bergan lavozim imtiyoz emas, masʼuliyat ekanini, yuqori darajadagi amaldor shunchaki xalq puliga yollanib ishlab beruvchi xizmatkor ekanini koʻrsatuvchi yaqqol va jonli misol bu. Hatto tashrif davomida belgilangan Samarqand ziyoratiga ham Halima Yoqub poyezdda bordi.

Singapur davlat boshqaruvi

Shu oʻrinda aytish kerak, Singapurda prezident mutlaq hokimiyatga ega emas. Mamlakat parlamentar respublika hisoblanadi. Boshqaruvning asosiy jilovi bosh vazir qoʻlida va prezident ramziy rahbar hisoblanadi. Ammo bu Singapur davlati oʻz prezidentiga samolyot olib berishga qodir emas, degan maʼnoni anglatmaydi. Singapur shu qadar boy davlatki, istasa har bir amaldoriga alohida samolyot ajratishi mumkin. Lekin prezident Halima Yoqubning oʻzi anʼanalarga amal qiladi va ortiqcha xarajatlardan qochadi.

Siyosatchi va iqtisodchilarni hayratga solayotgan “Singapur moʻʼjizasi”

Malayziya va Indoneziya orasida, savdo uchun qulay joyda, gavjum kema yoʻllari oʻtadigan tor boʻgʻoz boʻynida joylashgan shahar-davlat Singapurning qisqa davr ichida korrupsiyadan xoli rivojlangan davlatga aylanishining sabab va omillari koʻp oʻrganilgan. Bugungi Singapurning vujudga kelishida uning “asoschi ota”laridan biri, 1959-1990 yillar davlatni boshqargan birinchi bosh vaziri Li Kuan Yu(1923-2015)ning xizmatlari katta. Li Kuan oʻz boshqaruvi davrida Singapurni Buyuk Britaniyaning qoloq bir mustamlakasidan barqaror rivojlanib borayotgan boy davlatga aylantira oldi. Uning “Singapur: uchinchi dunyodan birinchi dunyoga” kitobi esa rivojlanayotgan davlatlarning turli taraqqiyot yoʻllarini qiyoslab koʻrishlari va kerakli jihatlaridan namuna olishlari uchun dasturilamal boʻlib xizmat qiladi. Li Kuan shakllantirgan “Singapur moʻʼjizasi” mana bir necha oʻn yildirki, siyosatchi va iqtisodchilarni hayratga solib kelmoqda.

Li Kuan mamlakatda chuqur islohotlarni boshlab, oxiriga yetkaza oldi. Natijada korrupsiyaga toʻla barham berildi, xalqning siyosiy va ijtimoiy madaniyati oshdi, meriokratik, yuqori samarador va korrupsiyadan xoli hukumatning yangi universal tizimi yaratildi.

Bu qanday tizim?

Bu shunday tizimki, uni qoʻlda boshqarish shart emas, yaʼni yuqoridan doʻq-poʻpisa va har bir alohida muammoga rahbarlar aralashuvi talab etiladigan boshqaruvning gʻirt aksi. Bu shunday tizimki, hatto rahbar oʻlib qolsa ham, rahbarlik muddati tugasa ham, haydalsa ham, qamalsa ham, deyarli hech narsa oʻzgarmaydi. Butun davlat mexanizmi murvatlari moylanib, toʻgʻri sozlangan soat kabi bir maromda ishlashda davom etaveradi. Rahbarlar butun siyosatni belgilamaydi, balki uning bir qismi, muhim murvati hisoblanadi xolos.

Ha, Singapurda meriokratik boshqaruv oʻrnatilgan. Yaʼni munosib odamlar davlatni boshqaradi. Millati va kelib chiqishi, rahbarga qanchalik sadoqatli ekani, qaysidir amaldorning sevimli farzandi ekaniga qaralmaydi. Tegishli lavozimlarga shu vazifani uddalay oladigan, yetarli bilim va tajribaga hamda aniq maqsadlarga ega odamlar tayinlanadi.

Bunday tuzum jamiyatdagi har qanday individ uchun teng imkoniyatlar beradi. “Sotsial lift” yaxshi ishlaydi, ijtimoiy mobillik cheklanmaydi. Har kim qobiliyati, bilim va tajribasi, eng muhimi, mehnatiga yarasha vazifalar bilan shugʻullanadi. Barchaning harakat va intilishlari yigʻilib, yagona musht kabi faqat bir maqsadga – mamlakat taraqqiyoti va xalq farovonligiga xizmat qiladi. Bunday siyosat Singapurda oʻz samarasini berdi. 1965 yilda Malayziyadan ajralib chiqib, mustaqillikka erishgan ushbu mamlakat aholisi ancha farovon yashaydi. Kambagʻallikka barham berilgan.

Singapur Tokiodan keyin dunyodagi eng xavfsiz davlat hisoblanadi. 63 ta oroldan iborat Singapur hududi Toshkent shahri maydonidan atigi 2 baravar katta — 734,3 km² ga teng, aholisi salkam 7 million kishi. Lekin nominal YaIM 372 milliard dollar boʻlib, Oʻzbekiston YaIMdan (91, 9 milliard dollar) deyarli 4 baravar koʻp.

Halima Yoqub – ijtimoiy adolat timsoli!

Singapur prezidenti Halima Yoqub musulmon ayol. Uni Singapurdagi ijtimoiy adolat timsoli va samarasi, desa boʻladi. Halima kambagʻallik va yoʻqsil oilada katta boʻlgan. Amaldor va boy qarindoshlari boʻlmagan. Diniy eʼtiqodi, millati va jinsiga qaramasdan oʻz bilimi va harakati tufayli davlat rahbari darajasiga chiqa olgan.

Halima Yoqub ziyorati oldidan jurnalistlarga bergan intervyusida “Bir musulmon ayol sifatida Samarqanddagi Imom al-Buxoriy maqbarasini ziyorat qilish va uni qayta taʼmirlash loyihasi bilan tanishishni sabrsizlik bilan kutyapman. Imom al-Buxoriy – paygʻambarimizning sahih hadislarni saralab kitobga jamlagan mashhur olimdir. Hadislar dinlararo muloqotlar uchun ham muhim qimmatga ega. Chunki hadislar boshqa dinlarga nisbatan bagʻrikenglikni targʻib etadi. Boshqa din vakillari bilan hurmat ila munosabatda boʻlishga chaqiradi”, degan Halima Yoqub.

Manfaatlar qanday?

Xoʻsh, davlatimizning Singapur bilan aloqalarni mustahkamlashidan nima manfaat bor? Ushbu davlat safari bizga nima beradi?

Singapur Oʻzbekistonning eng yirik investorlari safiga kirgan. Hozirda Singapurning “Indorama”, “MeinhardtGroup”, “FranklinTempleton”, “Enercon”, “PSA”, “ChangiAirport” va boshqa yetakchi kompaniyalari bilan birgalikda kimyo va toʻqimachilik sanoati, transport va logistika, shaharsozlik, taʼlim xizmatlari, xususiylashtirish sohalarida 3,8 milliard dollarlik loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda.

Singapur prezidentining yurtimizga tashrifi davomida yetti muhim hujjat:

  • Oʻzbekiston hukumati va Singapur hukumati oʻrtasida 2023-2026 yillarga moʻljallangan hamkorlik toʻgʻrisida memorandum;
  • Oʻzbekiston ichki ishlar vazirligi va Singapur ichki ishlar vazirligi oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida memorandum;
  • Oʻzbekiston adliya vazirligi va Singapur adliya vazirligi oʻrtasida 2023-2024 yillarga moʻljallangan hamkorlik dasturi;
  • Oʻzbekiston madaniyat va turizm vazirligi va Singapur savdo va sanoat vazirligi huzuridagi Singapur turizm boshqarmasi oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida memorandum;
  • Oʻzbekiston madaniyat va turizm vazirligi va Singapur turizm agentliklari milliy assotsiatsiyasi oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida bitim;
  • Oʻzbekiston iqtisodiyot va moliya vazirligi va Singapur hamkorlik agentligi oʻrtasida tadbirkorlikni rivojlantirish, “yashil” iqtisodiyot sohasidagi qoʻshma faoliyat toʻgʻrisida hamkorlik bitimi;
  • Oʻzbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzuridagi Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi va Singapur biznes federatsiyasi oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida memorandum imzolandi.

Singapur prezidenti, shuningdek, Toshkentda “Oʻzbekiston-Singapur” ikki davlat biznes-forumining ochilishida qatnashdi. Biznes-forumda Oʻzbekiston va Singapur ishbilarmon doiralarini qiziqtirgan qator yoʻnalishlar boʻyicha mustahkam investitsiyaviy bitimlar va savdo shartnomalari imzolandi.

Oʻz navbatida, Singapur prezidenti Halima Yoqub sarmoyaviy, savdo-iqtisodiy va sanoat kooperatsiyasidagi sheriklik ustuvor ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi. Singapur prezidenti oliy darajadagi oʻzaro tashriflar natijalarini yuqori baholab, muhim yoʻnalishlar boʻyicha hamkorlikni yanada mustahkamlashga sodiqligini bildirdi.

Shu bilan birga, tashrif doirasida oʻtkazilayotgan muhim tadbirlarda ikki davlat parlamentlari oʻrtasida aloqalarga ham alohida eʼtibor qaratildi. Ayniqsa, davlat xizmatchilarining kasbiy va boshqaruv salohiyatini oshirishda Singapurning ilgʻor tajribasini oʻrganish nihoyatda muhimligi taʼkidlandi. Bir soʻz bilan aytganda, Singapur rezidentining Oʻzbekistonga davlat tashrifi shunchalik mehmondoʻstlik va bir hovuch yutuqlari bilan maqtanish shousiga aylanmadi. Aniq maqsadlar va rejalar koʻrsatilgan, samarador shartnomalar imzolandi.

Bu hujjatlar amalga tatbiq etilsa, yurtimiz taraqqiyoti uchun katta ulush qoʻshishi shubhasiz. Biroq ular “boshiga” tantana bilan imzolanib, xalqqa koʻz-koʻz qilinib, keyin tortmaga solib qoʻyilgan hujjatlar taqdiri tushsa, shuncha vaqt va resurs isrof boʻlgani qoladi, xolos. Bu esa biz havas qilayotgan va oʻrnak olmoqchi boʻlayotgan Singapur siyosiy falsafasiga mutlaqo zid keladi.

Ikki muhim yoʻl!

Koʻrinib turibdiki, Oʻzbekiston Singapur bilan aloqalarda asosan iqtisodiy manfaatdorlik, jumladan, investitsiyalar jalb etish, Oʻzbekiston meva-sabzavotlarini Singapur bozoriga yetkazish, taʼlim, turizm va madaniy sohalarda oʻzaro almashuvlarni yoʻlga qoʻyishga asosiy eʼtibor qaratildi. Va eng muhimi, Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishida Singapurga suyanish mumkinligi eʼtirof etildi.

Namuna olsa arziydigan “Singapur moʻʼjizasi”ning asoschisi Li Kuan Yuning mashhur bir gapi bor: “Oldimda ikki yoʻl bor edi. Birinchisi – oʻgʻirlik bilan davlatni talab, doʻstlarim va qarindoshlarimni “Forbs” milliarderlar roʻyxatiga qoʻshish, lekin xalqimni och va yalangʻoch qoldirish. Ikkinchisi – xalqimga xizmat qilib, mamlakatimni eng yaxshi mamlakatlar oʻntaligi qatoriga qoʻshish. Men ikkinchisini tanladim”.

Xulosa oʻzingizdan!

Abulfayz Sayidasqarov sharhladi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid