Bosh prokuratura nashid uchun qamalgan talaba ishi boʻyicha protest kiritadimi?
Ayni kunlarda muhokamalar markazida boʻlib turgan masala boʻyicha platina.uz Bosh prokuraturadan muhim savolga oydinlik kiritdi.

Telegram tarmogʻidan sinfdoshlaridan iborat 10 kishilik guruhga nashid joʻnatgani uchun 3 yilga ozodlikdan mahrum qilingan Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining 2-bosqich talabasi Jahongir Ulugʻmurodov masalasi hamon jamoatchilikning diqqat markazida. Ayni kunlarda muhokamalar markazida boʻlib turgan masala boʻyicha platina.uz Bosh prokuraturadan muhim savolga oydinlik kiritdi.
Avval xabar qilganimizdek, 2002 yilda tugʻilgan, Toshkent viloyati Yangiyoʻl tumanida yashovchi, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining 2-bosqich talabasi, grant asosida oʻqiyotgan, ota-onasining yagona boquvchisi boʻlgan 21 yoshli Jahongir Ulugʻmurodov oʻz sinfdoshlaridan iborat telegram guruhga diniy qoʻshiq – nashid joʻnatgani uchun 2022 yil oktabr oyida Toshkent viloyati IIBB tomonidan ushlanib, 2023 yil 8 may kuni sud hukmi bilan uni 3 yil qamoq jazosiga hukm qilingan.
Bu hukm ijtimoiy tarmoqlarning oʻzbek segmentida keng muhokamaga sabab boʻldi. Munosabatlarda qoʻllangan jazo nomutanosibligi qayd etildi.
“Yillar davomida yetim qizlarni zoʻrlab kelgan pedofil amaldorlarga 1,5 yil shartli jazo berilsa-yu, diniy qoʻshiq uchun 3 yil real ozodlikdan mahrum etish tayinlanadimi? Diniy qoʻshiq eshitish voyaga yetmagan yetim qizlarni muttasil zoʻrlash va ularga qoʻshmachilik qilishdan koʻra jamiyat uchun xavfliroq ekanda?” degan munosabatlar bildirildi.
U.J.ning onasi Oliy sudga farzandini kechirishlarini soʻrab, yigʻlab videomurojaat qilib chiqdi. Farzandi bu ishga bilmasdan, hayotida birinchi marta qoʻl urgani, oʻsha qoʻshiqning maʼnosini ham tushunmasligini bildirdi.
Buning ortidan, Toshkent viloyati IIBB bu mavzu yuzasidan maʼlumot berdi.
Biroq Toshkent viloyati IIBBning bu bayonoti mahalliy OAVda gʻirt tuhmat va boʻhtonlarga toʻla ekani tahlil qilindi.
Xususan, Kun.uz sayti “Faollarni noxolis axborot tarqatishda ayblagan IIBB bayonotining oʻzida – ishga doir hujjatlar hamda sud hukmiga toʻgʻri kelmaydigan bir qancha notoʻgʻri maʼlumotlar va tuhmat borligini koʻrish mumkin” deya sud hukmi va bayonotda qayd etilgan maʼlumotlarni taqqoslab chiqdi.
Keltirilishicha, “Toshkent viloyati IIBB tezkor-qidiruv tadbirlari davomida 21 yoshli yigitni “Suriyada faoliyat olib borayotgan “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terroristik tashkilot jangarilari tomonidan tayyorlangan maʼruzalarni internet orqali tinglashi davomida ularning gʻoyaviy taʼsiriga tushish hamda ushbu harakatlarni qoʻllab-quvvatlashni boshlagan”likda ayblangani bildirilgan.
Vaholanki, sud hukmida ham, ayblanuvchining yaqinlari Kun.uz'ga taqdim qilgan, Yangiyoʻl tuman IIB tergovchilari imzosi bilan tasdiqlangan ayblov xulosasida ham bunday maʼlumot yoʻqligi qayd etilgan nashr tomonidan.
Yana bir keltirilgan taqqosga koʻra esa, “IIBB Jahongir Ulugʻmurodovni “xalqaro terroristik tashkilot tarafdorlari sonini orttirish maqsadida internet orqali “jihod” va “shahidlikka chorlov” maʼruzalarini oʻziga tanish boʻlgan shaxslar va yaqinlari orasida tarqatish bilan shugʻullangan”likda ham ayblagan.
Ayblov xulosasida ham, sud hukmida ham bunday maʼlumot yoʻq”ligini nashr qoʻlidagi mavjud ayblov xulosasi va sud hukmi tahlil qilgan.
“Yaʼni, ayblanuvchi IIBB aytganidek noqonuniy materiallarni “tarqatish bilan shugʻullangan” emas, balki bir marotaba Telegram guruhga yuborgan. Shuningdek, Jahongir Ulugʻmurodov ayblov xulosasida ham nashid maʼnolarini tushunib yetmagani, bilmasdan tarqatgani hamda aybidan pushaymon ekani yozilgan”ligini va “IIBB bayonotidagi “xalqaro terroristik tashkilot tarafdorlari sonini orttirish maqsadida”, degan maʼlumot, hujjatlarga tayanilsa, tuhmat boʻlib qolmoqda” deya qayd etgan nashr.
Platina.uz tahririyati ushbu taqqos va tahlillar, ayblanuvchining onasi tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilingan murojaatlardan soʻng, ushbu masala yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bilan bogʻlanib, sudning bu hukmi yuzasidan protest kiritilishi mumkinmi, degan savol bilan murojaat qildi. Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinovning maʼlum qilishicha, “hozirgi kunda prokuratura tomonidan sud hukmiga protest keltirish masalasi kurib chiqilayotgani yoʻq”.
Eslatib oʻtamiz: joriy yil yanvar oyida telefonidan diniy nashida topilgan yana bir 21 yoshli yigit – Sardor Rahmonqulov ham 5 yilga ozodlikdan mahrum qilingan edi. Keyinroq, jamoatchilikning keskin etirozlari ortidan, apellyatsiya sudining ajrimiga muvofiq, Rahmonqulovga tayinlangan 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi shartli hukmga oʻzgartirilib, 2 yil sinov muddati belgilandi va u sud zalida ozod qilingan edi.