platina.uz
Jamiyat

Saida Mirziyoyevani ranjitgan masalaga deputatlar jim qarab turmadi

Saida Mirziyoyevani ranjitgan masalaga deputatlar jim qarab turmadi
Avvalroq xabar qilganimiz – taʼlim muassasasi pedagog xodimlarini majburiy mehnatga jalb qilish bilan bogʻliq huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni yanada kuchaytirish haqida deputatlar tomonidan taklif etilgan qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bugun boʻlib oʻtgan yalpi majlisda qizgʻin bahs-munozaralardan soʻng, birinchi oʻqishdayoq qabul qilindi. Taklif etilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalarga koʻra:
Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga pedagoglarni mehnatga maʼmuriy tarzda majburlash — bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan bir yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻlishi; taʼlim muassasasi pedagog xodimining kasbiy faoliyatiga taʼlim oluvchilar bilimini toʻgʻri va xolis baholashiga taʼsir koʻrsatish bilan ifodalangan tarzda qonunga xilof ravishda aralashish yoki taʼlim muassasasi pedagog xodimining xizmat vazifalarini bajarishiga toʻsqinlik qilish — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yetti baravaridan oʻn baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – oʻn baravaridan oʻn besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻlishi;
(Amaldagi qonunchilikda ushbu huquqbuzarlikka nisbatan belgilangan jarimalar miqdori fuqarolarga BHMning 5 baravaridan 7 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – 7 baravaridan 10 baravarigacha miqdorni tashkil etadi).
xuddi shunday huquqbuzarliklar maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan boʻlsa, — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravaridan oʻn besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – oʻn besh baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki oʻn besh sutkagacha muddatga maʼmuriy qamoqqa olishga sabab boʻlishini nazarda tutuvchi normani kiritish nazarda tutilgan.
(Amaldagi qonunchilikka koʻra, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 7 baravaridan 10 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — 10 baravaridan 15 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Maʼmuriy qamoqqa olish bilan bogʻliq jazo chorasi mavjud emas). Shuningdek, Jinoyat Kodeksiga ham taʼlim muassasasining pedagog xodimiga nisbatan mehnatga maʼmuriy tarzda majburlash uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etgan taqdirda huquqbuzar bazaviy hisoblash miqdorining bir yuz ellik baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishini mustahkamlovchi yangi norma qoʻshish taklif etilgan. Qonun loyihasi tashabbuskorlarining izohlashicha, taklif etilgan qonun loyihasi bilan kiritilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar oʻqituvchilarning ish samaradorligini oshirish, lavozim majburiyatiga kirmaydigan vazifalarga jalb etish jarayonlariga barham berish uchun juda muhim. “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Alisher Qodirovning qayd etishicha, Yangi Oʻzbekiston islohotlarining eng katta muvaffaqiyatlaridan biri shubhasiz, pedagoglarni paxta dalasiga jalb qilishni butunlay cheklanganidir. — Lekin majburiy mehnatning ayrim koʻrinishlari hamon saqlanib turibdi. Shu bois, ushbu qonun loyihasi bilan jazo choralari yanada kuchaytirilmoqda va partiyamiz bunday qonun loyihalarini soʻzsiz qoʻllab-quvvatlaydi. Zotan, pedagogikaga qilingan xiyonat — mamlakat kelajagiga qilingan xiyonatdir, – deydi u. Darvoqe, Saida Mirziyoyeva ham mazkur masalada muhim chaqiriq bilan chiqqani haqida yozgandik. Qonunchilik palatasining yalpi majlisida mazkur qonun loyihasining birinchi oʻqishdayoq qabul qilinishi esa Saida Mirziyoyevani ranjitgan masalaga deputatlar ham jim qarab turmaganidan dalolatdir.
Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid