Tadbirkordan 1 mln dollardan oshiq mablagʻ talab qilgan soliqchi ushlandi
Soliq xodimi Nurafshon shahrida joylashgan xususiy korxonaga tegishli 3,5 gektar noturar yer maydoni va qurilishi tugallanmagan ishlab chiqarish sexini boshqa shaxs nomiga rasmiylashtirib berishni vaʼda qilgan.

Toshkent viloyati Soliq boshqarmasi xodimi tadbirkordan 1 million 50 ming AQSh dollari talab qilib, shundan 40 ming dollarini oldindan olayotgan vaqtida qoʻlga olindi.
Holat Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti xodimlari tomonidan Toshkent shahrida «Xavfsiz va sogʻlom yurt» keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirining uchinchi bosqichi doirasida aniqlangan.
Hodisa tafsilotlariga koʻra, soliq idorasi xodimi Nurafshon shahrida joylashgan xususiy korxonaga tegishli 3,5 gektar noturar yer maydoni va qurilishi tugallanmagan ishlab chiqarish sexini boshqa shaxs nomiga rasmiylashtirib berishni vaʼda qilgan.
Shuningdek, ushbu hududda qurilish ishlarini amalga oshirish uchun 34 ta davlat idorasidan zarur ruxsatnomalarni olib berishini bildirgan.
Ushbu xizmatlari evaziga u tadbirkordan 1 million 50 ming AQSh dollari talab qilgan. Tezkor tadbir davomida gumonlanuvchi Toshkent shahrining Mirzo Ulugʻbek tumanida xaridor bilan uchrashib, oldindan 40 ming dollarni olayotgan vaqtida qoʻlga olingan.
Mazkur holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi (firibgarlik) hamda 28-moddasi orqali 211-moddasi 3-qismi «a» bandi (pora berishga dalolat qilish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.





