Olmaotadagi yongʻinda halok boʻlgan oʻzbekistonliklar jasadi qaytarildi
Yongʻin vaqtida uydan chiqishga muvaffaq boʻlgan va omon qolgan ikki nafar Oʻzbekiston fuqarosiga ham tegishli konsullik-huquqiy va amaliy yordam koʻrsatildi.

Qozogʻistonning Olmaota shahrida yuz bergan yongʻinda halok boʻlgan ikki oʻzbekistonlikning jasadi vatanga qaytarildi. Bu haqda Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Olmaota shahrining Bostandiq tumanida joylashgan barak tipidagi turar-joy binosida 26 noyabrga oʻtar kechasi sodir boʻlgan yongʻin oqibatida 5 nafar shaxs, jumladan, ikki nafar Oʻzbekiston fuqarosi — T.I. va K.Ye. ham vafot etgandi.
Marhumlarning jasadlarini vataniga qaytarish maqsadida Oʻzbekistonning Olmaotadagi Bosh konsulxonasi Migratsiya agentligi koʻmagida, Bostandiq tumani hokimligi va Politsiya departamenti yordamida zarur hujjatlarni rasmiylashtirdi.
Vatandoshlarning jasadlari 28 noyabr kuni Olmaota shahri aeroportidan Nukus shahriga joʻnatildi.
Yongʻin vaqtida uydan chiqishga muvaffaq boʻlgan va omon qolgan ikki nafar Oʻzbekiston fuqarosiga ham tegishli konsullik-huquqiy va amaliy yordam koʻrsatildi. Pasportlari yongʻin oqibatida yonib ketgani sababli, Bosh konsulxona tomonidan ularga Oʻzbekistonga qaytish guvohnomalari rasmiylashtirildi hamda Migratsiya agentligi koʻmagida aviachiptalar xarid qilinib, vatanga qaytarildi.





