Toshkentda somsa sotgan shaxs jarimaga tortilib, somsalari olib qoʻyildi
Tekshiruv davomida fuqaro davlat roʻyxatidan oʻtmasdan somsa sotayotgani aniqlangan va uning 140 ming soʻm naqd puli hamda 26 dona somsasi musodara qilingan.

Toshkent shahrining Yunusobod tumanida somsa sotgan shaxs jarimaga tortilib, uning 26 dona somsasi olib qoʻyildi va ularning yoʻq qilinishi belgilandi. Bu haqda tegishli sud sud hujjatiga asosan maʼlum qilindi.
Shu yilning 26 oktabr kuni Toshkent shahar Yunusobod tuman Davlat soliq inspeksiyasi xodimlari tumanda tekshiruv oʻtkazgan. Tekshiruv davomida S.M. davlat roʻyxatidan oʻtmasdan somsa sotayotgani aniqlangan va uning 140 ming soʻm naqd puli hamda 26 dona somsasi olib qoʻyilgan.
Joriy yilning 24 noyabr kuni Jinoyat ishlari boʻyicha Yunusobod tuman sudida mazkur ish koʻrib chiqilgan. Sudda S.M. qilgan ishidan pushaymondaligini, ushbu huquqbuzarlikni majburligidan, yaʼni oilada yagona boquvchi boʻlgani sababli qilganligini bildirgan va suddan oʻziga nisbatan yengillik berishni soʻragan.
Sud qarori bilan S.M. Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 176-moddasi (noqonuniy tadbirkorlik faoliyati) 1-qismida koʻrsatilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybdor deb topilib, unga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari, yaʼni 2 mln 60 ming soʻm miqdorida jarima jazosi tayinlangan.
Shuningdek, undan olib qoʻyilgan somsalarning yoʻq qilinishi belgilangan.





